Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.07.2018 16:37 Chop etish versiyasi

Termizda “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi, “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi barpo etiladi

Termizda “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi, “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi barpo etiladi Prezidentimizning 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Termiz shahridagi mahallalarga biriktirilgan 127 tashkilot, korxona va ta’lim muassasalari xodimlaridan iborat o‘nta ishchi guruh uyma-uy yurib, hududlarda yoshlarning ijtimoiy ahvoli va muammolarini o‘rganmoqda.

Ishchi guruh faoliyatini muvofiqlashtiradigan maxsus shtabda kunlik ma’lumotlar umumlashtirilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotir.

– Mazkur farmon yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, har bir yoshning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir, – deydi Termiz shahar hokimi o‘rinbosari, shahar maxsus shtabi rahbari o‘rinbosari S.Salomov. – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etilib, joylarda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari, “Yoshlar mehnat guzari” majmualarini barpo etish rejalashtirilgani, ayniqsa, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Shaharda qad rostlaydigan zamonaviy markaz va majmuada yosh tadbirkorlar uchun xonalarni bepul ajratish, yigit-qizlarning startaplari, biznes tashabbuslari, g‘oya va loyihalarini ruyobga chiqarish uchun tijorat banklari tomonidan yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, Davlat dasturiga muvofiq olinadigan kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish yo‘lga qo‘yiladi. O‘rganish natijalari bo‘yicha har bir yoshning muammosi alohida ruyxatga olinib, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Termiz shahar kengashidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati markazida 80 mingdan ziyod yoshlar yashaydi. Mahallalarda uyma-uy yurib o‘rganishning dastlabki uch kunida ishchi guruh a’zolari 2 mingga yaqin xonadonda bo‘lib, 1000 dan ortiq yoshlar bilan suhbatlashdi. O‘rganish jarayonida ularning tadbirkorlik, bandlik, tijorat bankidan kredit olish, uy-joy va boshqa masalalarga oid ko‘plab muammolari aniqlandi. 100 dan ortiq ish bilan band bo‘lmagan yigit-qiz ro‘yxati shakllantirildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Chunonchi, ishchi guruh a’zolari Shifokor mahallasi xonadonlarini o‘rganayotganida Janara Jumagambetova tikuvchilik bilan shug‘ullanishi uchun tijorat bankidan kredit olish masalasida yordam so‘radi. Sirojiddin Jumayev yengil mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ochish uchun tijorat bankining moliyaviy ko‘magiga ehtiyoj sezayotganini aytib, kredit mablag‘i olishga ko‘maklashishni iltimos qildi. O‘zbekiston mahallasida yashayotgan Ramiz Oramiddin pasport olish, Ma’rufjon Qodirov esa abituriyentlarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etish uchun kredit mablag‘i ajratish masalasini ko‘tardi. Majnuntol mahallasida istiqomat qilayotgan Muxtor Mardonov tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun ko‘maklashishni so‘radi.

– Kunlik murojaatlar maxsus shtabda tahlil qilinib, mutasaddi tashkilotlar bilan ularni yechish choralari ko‘rilmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Termiz shahar kengashi raisi Umid Qulmamatov. – Shu kungacha tijorat bankidan kredit olish masalasida Farhod mahallasidan 8, Tuproqqo‘rg‘on mahallasidan 4, Do‘stlik mahallasidan 3 va boshqa mahallalardan 30 ga yaqin murojaat bo‘ldi. Bu muammoning aksariyati tijorat banklari tomonidan hal etildi. Shuningdek, joylarda ishsiz yoshlar bilan o‘tkazilayotgan suhbatlarda ularni tadbirkorlik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga jalb etishga yordam berish choralari belgilab olinmoqda.

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan Davlat dasturi yigit-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Shunga muvofiq, o‘rganishning ilk bosqichida viloyat markazidagi 20 mahallaning o‘ntasida Dastur targ‘iboti bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ularning foydali mehnatga ehtiyoj va layoqati, biznes tashabbuslari chuqur o‘rganilayotir.

0}“ style=”box-sizing: border-box; position: relative; height: 97px;">






Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 912