O‘zA O`zbek

08.08.2018 18:04 Chop etish versiyasi

Termiz tumani fermerlari uzumning har gektaridan 100 sentnerdan oshirib hosil olishni mo‘ljallagan

Termiz tumani fermerlari uzumning har gektaridan 100 sentnerdan oshirib hosil olishni mo‘ljallagan Surxondaryo viloyati bog‘bonlari joriy yilda 179 ming 185 tonna uzum yetishtirishni rejalashtirgan.

Hosilning 41 ming tonnadan ortig‘i qayta ishlash korxonalariga topshirilsa, 15 ming tonnasi xorijga eksport qilinadi. 78 ming tonnasini ichki bozorda sotish, 19 ming 817 tonnasini mamlakatimiz poytaxti va boshqa viloyatlardagi savdo yarmarkalariga, 22 ming 385 tonnasini sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi va boshqa tashkilotlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatdagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda 16 ming 186 gektar tokzor mavjud. Shundan 13 ming 804 gektari hosilli, 2 ming 382 gektari yosh toklardir.

Uzumchilik va sarxil meva parvarishlashda boy tajribaga ega Oltinsoy tumani fermerlari 4 ming gektardan ziyod maydondagi uzumzordan 59 ming tonnaga yaqin hosil oladi. Shu kunlarda pishib yetilgan uzumni yig‘ib olish qizg‘in pallaga kirmoqda. Tumandagi “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi 38,7 gektar maydonda parvarishlayotgan tokdan qariyb 562 tonna hosil olishni rejalashtirgan.

14 (1).jpg

– Hosilning bir qismini qayta ishlash korxonalariga topshirmoqdamiz, – deydi “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi rahbari A.Majidov. – Ichki bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilmoqchimiz. Shuningdek, mayiz tayyorlashni ham boshlab yubordik. Bu yil hosil mo‘l bo‘ldi. Yozning issiq kelganidan tabiiy quyosh nurida to‘yinib, erta pishib yetilgan hosilni tez kunlarda saranjomlab olamiz.

Mutaxassislar fikricha, Oltinsoy tumanida yetishtirilgan uzum boshqa hududlarga nisbatan shirin, to‘yimli bo‘ladi. Shu bois unga mahalliy bozorda ham, xorijda ham talab yuqori. Bu uzumlarga har yili mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham yirik buyurtmalar berilishining boisi shunda. Ayniqsa, toyfi, husayni, kurjinskiy kabi navli uzumlarning bozori chaqqon. Jovuz uzumidan tayyorlanadigan mayizning dong‘i yetti iqlimga mashhur. Bunday ta’rifu tavsiflar oltinsoylik bog‘bonlarni yanada samarali mehnat qilishga, hosilni tez va sifatli yig‘ib olishga undaydi.

–Uzum shirin, mazali meva, – deydi “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi bog‘boni R.Begmatova. – Lekin, uni yetishtirish va yig‘ib-terib olishning o‘ziga xos mashaqqati bor. Tok yil davomida mavsumga qarab, mehr bilan parvarish qilinmasa mo‘ljaldagi hosilni bermaydi. Hosilni yig‘ib olish va maxsus qutilarga joylashda ezilsa, xususiyatini tez yo‘qotadi, isrof bo‘ladi. Shu sababli har bir bosh uzumni misqollab terib olamiz.

Mamlakatimizda bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor Termiz tumanida ham uzumchilikni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Tumanda tokzorlar yildan-yil kengaymoqda. Bu yil tuman fermerlari 211 gektar maydonda parvarishlanayotgan uzumning har gektaridan 100 sentnerdan oshirib hosil olishni mo‘ljallagan. 80 gektar maydonda barpo etilgan yangi tokzor ham agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlanmoqda.

Tumanning G‘afur G‘ulom nomidagi fermer xo‘jaligi 20,4 gektar maydonda servitamin toyfi, jovuz, kurjinskiy navli uzum parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Tajribali bog‘bonlar gektaridan 130 sentnerdan hosil yig‘ib olishni rejalashtirgan.

– Xo‘jaligimizda 12 bog‘bon mehnat qiladi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari B.Omonturdiyev. – Kech kuzda ham, qish va bahorda ham toklarni sinalgan agrotexnik usullar asosida parvarishlashga alohida e’tibor qaratamiz. Qishning chillasida yaxob suvi, mahalliy o‘g‘it beramiz. Bahorda tagini yumshatib, xomtok qilamiz. Xullas, hosilni terib olguncha ko‘p mehnat talab qilinadi. Mana endi ana shu halol mehnatning samarasini ko‘rmoqdamiz. Mahalliy bozorda toyfi uzumining bir kilogrammini 2-2,5 ming so‘mdan, kurjinskiy navli uzumni 8 ming so‘mdan sotayapmiz. Toyfi uzumning bir qismi Rossiyadagi buyurtmachilarga jo‘natiladi. Bu yil tokzordan 100 million so‘mdan ortiq daromad ko‘rish niyatidamiz. Shuningdek, qator oralaridagi 3 gektar maydonda parvarishlayotgan no‘xat ham xo‘jaligimizga yaxshigina qo‘shimcha daromad keltiradi.

Viloyatning Qumqo‘rg‘on, Denov, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Boysun kabi tumanlaridagi fermerlar va aholi ham pishib yetilgan hosilni tez fursatlarda yig‘ib olishni uyushqoqlik bilan davom ettirmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
1 834