O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Termiz arxeologik muzeyi nimasi bilan noyob va o‘ziga xos?

Termiz arxeologik muzeyi nimasi bilan noyob va o‘ziga xos?

“O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligi doirasida mehmonlar tosh asrdan boshlanib xonliklar davri bilan tugallanadigan noyob qo‘lyozmalar va qadimiy ashyolar saqlanayotgan Termiz arxeologik muzeyiga tashrif buyurishadi.

Termiz arxeologik muzeyi – O‘rta Osiyoning antik davriga oid eksponatlarni taqdim etuvchi kam sonli muzeylardan biridir. Undagi topilmalar qiymati jihatdan yuqori baholanadi. Shuning uchun ham noyob va o‘ziga xos hisoblanadi.

– Hali tarixchilar to‘liq o‘rganmagan, arxeologlar topmagan moziyning sir-sinoatlari ko‘p, – turizm bo‘yicha mutaxassis Zebo Alimardonova. – Qadimiy davlatlardan biri Kushon davlati ham ana shu sinoatlarning biridir. Unga dastlab tarqoq shaklda yashagan ko‘chmanchilarning o‘troqlashgan qabilalari asos solgan. Uning xalqi tezda madaniy hayotga moslashib, turmushi va yashash tarzi taraqqiy etadi. Bu davlatning qudratliligini, yuksak madaniyati va hukmdorlari salohiyatining yuqoriligini o‘sha davrga oid arxeologik topilmalar ham ko‘rsatib turibdi.

Termiz arxeologik muzeyi kolleksiyasi 27 mingdan ziyod eksponatni o‘z ichiga oladi. Ular orasida uy-ro‘zg‘or buyumlari, idishlar, jihozlar, qadimiy va o‘rta asrga oid qurollar, tangalar va qadimiy hukmdorlarning noyob muhrlarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, bu yerda antik tasviriy san’at va haykaltaroshlikka oid juda katta kolleksiya to‘plangan. Yunon-Baqtriya davri haykaltaroshligi namunalari, Kushon podsholigi davrining yarim vayrona ibodatxonalaridan topilgan buddaviy haykallar ham shular jumlasidan.

Shuningdek, muzey eksponatlari orasida kamyob yozma manbalar, kitoblar, hukmdorlarning yozishmalari, xo‘jalik hujjatlari ham uchraydi. Ushbu eksponatlarning barchasi 16 mingga yaqin kitob va hujjatlarni o‘z ichiga olgan muzey kutubxonasida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligi shu yilning 26 avgustida Samarqandda YuNESKO shafeligida o‘tkaziladigan “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni saqlash: dolzarb muammolar va ularni hal etish strategiyasi” xalqaro konferensiyasi arafasida bo‘lib o‘tadi.

1 874
Dilobar MAMATOVA, O‘zA