O‘zA O`zbek

02.08.2018 10:32 Chop etish versiyasi

“Tergov protsessual hujjatlari namunalari” uslubiy qo‘llanmasi tayyorlandi

“Tergov protsessual hujjatlari namunalari” uslubiy qo‘llanmasi tayyorlandi

Mazkur kitobni tayyorlashda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv hamda tergov davomida qabul qilingan 5 mingdan ortiq protsessual hujjatlar o‘rganilib, tahlil qilingan.

Davlat rahbarining joriy yil 14 maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida tezkor-tergov tadbirlarini o‘tkazish sifati qoniqarsizligi va protsessual qonunchilik talablarini buzgan holda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanilayotganligi sud-tergov amaliyoti tizimidagi asosiy muammo sifatida qayd etilgan edi.

Darhaqiqat, protsessual hujjatlarda yuridik va kriminalistik atamalar noto‘g‘ri yoki noo‘rin qo‘llanilib, jinoyat ishi holatlari shablon tarzda murakkab, tushunarsiz bayon etilar, olib borilgan surishtiruv va tergov protsessual hujjatlarini rasmiylashtirishda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilib, kam uchraydigan tergov amaliyotlari bo‘yicha protsessual hujjatlarning namunalari mavjud emasligi yagona tergov amaliyotini shakllantirishda muayyan muammolarni yuzaga keltirardi.

Albatta, bu kamchiliklarni ta’lim berish, kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish orqali bartaraf etish mumkin. Bu borada esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tayyorlangan yangi tahrirdagi “Tergov protsessual hujjatlari namunalari” uslubiy qo‘llanmasi va uning dasturlashtirilgan elektron nusxasi nihoyatda qo‘l keladi.

Mazkur kitobni tayyorlashda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv hamda tergov davomida qabul qilingan 5 mingdan ortiq protsessual hujjatlar o‘rganilib, tahlil qilingan. Maqsad esa respublikamizda yagona, tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan tergov amaliyotini yaratishdir.

“Tergov protsessual hujjatlari namunalari” bo‘yicha uslubiy qo‘llanmada 400 ga yaqin protsessual hujjat namunalari jamlangan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan so‘nggi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, Oliy sud Plenum qarorlari hamda Bosh prokurorning sohaviy buyruqlarida nazarda tutilgan talablar va amaliyotdagi tizimli kamchiliklar inobatga olingan holda ishlab chiqildi. Yana bir muhim jihat — qo‘llanmaning elektron nusxasi Davlat rahbarining “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida nazarda tutilgan “Elektron jinoyat ishi” tizimini hayotga tatbiq etishda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi”, deydi Bosh prokuratura boshqarma prokurori o‘rinbosari Azamat Mirzayev.

Yagona sud-tergov amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladigan ushbu qo‘llanma, amaliyotda tergov organlari faoliyati ustidan protsessual qonun buzilish holatlari bo‘yicha ariza va shikoyatlarni kamayishiga, tergovchilarning ishini yanada samarali olib borilishiga, prokuratura organlariga yangi xizmatga qabul qilingan yosh mutaxassislarning ish faoliyati samaradorligi oshishiga, Bosh prokuratura Akademiyasida malaka oshirish mashg‘ulotlarini amaliy nuqtai nazardan samarali tashkil etilishiga zamin yaratadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi

O‘zA
4 831