Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.06.2018 12:14 Chop etish versiyasi

TЕNNIS: Namangan turnirini Sabina Sharipova g‘alaba bilan boshladi.

TЕNNIS: Namangan turnirini Sabina Sharipova g‘alaba bilan boshladi.
Mamlakatimiz bo‘ylab tennis bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollarini tashkil qiluvchi “Fyuchers” turniri davom etmoqda.

Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqaning Andijonda o‘tgan turnirida Sanjar Fayziyev va Sabina Sharipova bosh sovrin sohibiga aylanishgandi. 
Namanganda start olgan musobaqada ham hamyurtlarimiz shohsupani ko‘zlagan holda harakat qilishyapti.

photo5240033678384539916.jpg

Namangan shahridagi “Do‘stlik” kortlarida o‘tayotgan musobaqada hamyurtlarimizdan asosiy to‘rda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish huquqini Sabina Sharipova, Nigina Abduraimova, Arina Fols, Valentina Shleyn hamda Setora Normurodova qo‘lga kiritishdi. Sabina, Nigina va Arina o‘z reyting o‘rinlari bilan bunga erishishgan bo‘lsa, Valentina va Setoraga tashkilotchilar imtiyozli yo‘llanma taqdim etishdi. 

Asosiy to‘rga tashlangan qur’aga ko‘ra, turnirning birinchi raketkasi sifatida qayd etilgan hamyurtimiz Sabina Sharipova ilk davrada rossiyalik Anastasiya Frolovaga qarshi kortga chiqdi va o‘z ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi uch set davom etgan bahsda raqibasini 2:6, 6:4, 6:2 hisobida mag‘lub etdi. Endi Sabina chorak final chiptasi uchun yana bir rossiyalik tennischi Yekaterina Vishnevskayaga qarshi kortga chiqadi. Vishnevskaya ilk davrada belaruslik Ilona Kremendan 6:2, 6:3 hisobida ustun kelgan. 

Imtiyozli yo‘llanma asosida asosiy to‘rga qo‘yilgan Arina Fols yana bir rus tennischisi, turnirning sakkizinchi raketkasi Anna Morgina bilan to‘qnash keldi va afsuski, u omadsizlikka uchradi –1:6, 0:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 

Turnirda to‘rtinchi raqam ostida tasniflangan Nigina Abduraimova ilk davra uchrashuvida g‘alabaga erishdi. Nigina birinchi bosqich bahsida saralash musobaqasi g‘olibalaridan biri, qirg‘izistonlik Kseniya Palkinadan 6:0, 6:2 hisobida ustun keldi. 
Endi Nigina chorak final chiptasi uchun Go‘zal Aynitdinovaga qarshi qarshi kortga chiqadi. Qozog‘istonlik tennischi birinchi bosqichda vatandoshi Yekaterina Dmitrichenkoni 6:2, 6:1 hisobida mag‘lub etgan.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Andijonda chempionga aylangan Sanjar Fayziyev Namangan “Fyuchers” turnirida ham g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Hamyurtimiz qur’a tashlash marosimidan so‘ng musobaqada yettinchi raqam ostida harakat qilishi ma’lum bo‘ldi. 

Andijondagi turnirning finalida Fayziyevga imkoniyatni boy bergan turkiyalik Kem Ilkel Namangan “Fyuchers”ning birinchi raketkasi hisoblandi. Belaruslik Dmitriy Jirmont ikkinchi raqam ostida tasniflandi. Musobaqaning asosiy to‘rida Sanjar Fayziyevdan tashqari, hamyurtlarimizdan Humoyun Sultonov, Shone’mat Shofayziyev, Aziz Dadaboyev, Pavel Soy, Ibrohim O‘rinov va Olimjon Nabiyevlar ishtirok etishdi.

Sanjar dastlabki davrada yosh tennischimiz Grigoriy Korobenikov ustidan har ikkala setda bir xil – 6:2 hisobida g‘alaba qozondi. Endi u musobaqaning ikkinchi davrasida rossiyalik Mixail Fufiginga qarshi kortga chiqadi.

Hamyurtlarimizning o‘zaro bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: 

Humoyun Sultonov – Shohruh Abdumalikov – 6:0,6:0; 
Sharobiddin Abzalov – Ibrohim Urinov – 6:2, 6:1; 
Saida’lo Saidkarimov – Olimjon Nabiyev – 6:2, 6:0.

Oybek Yunusov

O'zA
1 771