O‘zA O`zbek

17.05.2020 Chop etish versiyasi

Temuriy hukmdor yuborgan sarpo nega yirtib tashlandi, Shohrux Mirzoning qasami yoxud Kaʼbapoʻsh tarixida ajdodlarimiz...

Temuriy hukmdor yuborgan sarpo nega yirtib tashlandi, Shohrux Mirzoning qasami yoxud Kaʼbapoʻsh tarixida ajdodlarimiz...

Amir Temurning kenja farzandi Shohrux Mirzo buyuk hukmdor boʻlishiga qaramay, juda oddiy, oʻta dindor, taqvodor boʻlgan. Shohrux davlat ishlari bilan bir qatorda, islom shariati qoidalariga toʻla amal qilgan, besh vaqt namozni aslo kanda qilmagan, Qurʼoni karim va uning arabcha, forscha tafsirlarini oʻqigan. Har oyda bir necha kun roʻza tutgan, mashoyixlar, ulugʻlar mozorini ziyorat qilgan, yoʻqsillarga sadaqalar ulashgan. Bu odatlarga hatto safarlar chogʻida ham qatʼiy amal qilgan.

Shohrux Mirzoning (1407 – 1447) kuchli tashqi siyosati natijasida davlat sarhadlari kengayib, Moʻgʻulistondan to gʻarbda Misr va Rum yerlarigacha, janubda Hindistonning markazidan to Dashti Qipchoq chegaralarigacha joylar Temuriylar davlati tarkibiga kirgan. Bu ulkan davlat hozirgi Misr va Shomni oʻz ichiga olgan mamluklar saltanati bilan chegaradosh edi. Shohrux bilan mamluklar oʻrtasida ilk bor 1429-yil Misr hukmdori Barsboy (1429 – 1438) bilan oʻzaro munosabatlarining yangi davri boshlandi. Oʻsha yili Shohrux Misr sultoniga oʻz elchilarini yuborgan va undan oʻsha asrning misrlik mashhur tarixchilaridan Ibn Hajar al – Asqaloniyning “Fath al – boriy li – sharhi as – Sahiyh al – Buxoriy” (al – Buxoriyning “Sahiyh”iga sharh) va Maqriziyning “As – suluk li maʼrifat duval al — mulk” (“Podsholarning davlatlarni bilish yoʻllari”) nomli kitoblarini yuborishni hamda eng muhimi, Shohrux unga yuborgan maktub boʻlib, unda oʻzi maxsus tayyorlattirgan Kaʼba kisvasini (yopinchiqni) yuborishga ijozat soʻragan. Ungacha har yili Haj marosimi nihoyasida Kaʼba ustiga yopiladigan kisva tayyorlash huquqini Misrni 1250-yildan beri boshqarayotgan mamluk sultonlari deyarli ikki asr davomida oʻz qoʻllarida saqlab kelardilar va bu ularda musulmon dunyosida rahnamolik qilish imkonini berardi. Shu sababli sulton Barsboyning bu iltimosga rad javobini berishi tabiiy edi. Ammo Shohrux qoʻlyozma asarlarning juda katta ixlosmandi hamda islom diniga eʼtiqodi mustahkam hokim sifatida maʼlum edi. Shu boisdan bu mavzuga takror va takror qaytaverdi.

Kisvaga daʼvogarlik Misr xalqi orasida tez tarqalib, katta shov-shuvni keltirib chiqardi. Sababi, Amir Temur Suriya shaharlarini ishgʻol qilgan paytdagi xotiralar hali unut boʻlmagan edi. Kelasi yili Shohrux aynan yuqoridagi maqsadni koʻzlab, Sherozning eng moʻtabar xonadoniga mansub boʻlgan zodagonni 8 ming dinorlik sovgʻa-salom bilan Misrga elchi qilib joʻnatdi. Elchi Sulton Barsboy tomonidan qabul qilinayotgan paytda Shohrux Kaʼbaga albatta kisva yopajagi haqida qasam ichganini maʼlum qildi.

Barsboy bu qasam xususida toʻrtta mazhab qozilari kengashini chaqirtirishga majbur boʻldi. Qozilar: agar Shohrux tayyorlangan kisvani sotib, mablagʻini Makkadagi faqir-miskinlarga ehson qilsa, qasamidan forigʻ boʻladi, degan mazmunda hukm chiqarishdi. Qozilar Misrda kisva uchun maxsus vaqflar mavjudligini, undagi xarajatlar toʻliq qoplanayotganini, Shohruxning kisva tayyorlashga hech qanday ehtiyoj yoʻqligini bildirdi. Aslida Misr sultonlari bu ishga hech kimning qatnashishini istamasliklari qozilarga ayon edi. Bu javob Shohruxni qoniqtirmadi, 1435-yili u uchinchi bor maktub yoʻllab, Quddus shahrini ziyorat qilish istagini bildirdi. Ayni vaqtda u Misr qozilarini noxolislikda hamda sulton roziligi yoʻlida va oʻzlarining manfaatlarini koʻzlab hukm chiqarishda aybladi. Sulton Barsboy bu maktubni eʼtiborsiz qoldirdi. Bu voqeadan soʻng Misr xalq tahlikaga tushdi. Shohruxning Usmonli turklarning oʻsha vaqtdagi sultoni Murod II ga va Oq qoʻyunlilar amiri Qora Yuluqqa, Zulgʻadir va Kermon amirlariga sarpolar yuborgani Barsboyga qarshi ittifoq tuzish uchun tayyorgarlik, deb tushunildi. Sulton Barsboy ham, oʻz navbatida harbiy tayyorgarlikni kuchaytirdi.

1436-yili Shohrux Sulton Barsboyga toʻrtinchi ancha keskin yozilgan maktubini yoʻlladi. Unda Shohrux nomiga xutba oʻqitish va uning ismi bilan tanga zarb qilish talab etilgandi. Bu talabni qabul qilish vassallikni tan olish bilan barobar edi. Sulton Barsboy oʻz navbatida, elchini tahqirlab, xat bilan birga yuborilgan sarponi yirtib tashlashni buyurdi. Sultonning bunday harakati koʻpchilik saroy ahllari va tarixchilariga yoqmadi. Aksincha, uni tanqid qildi. “Xatga vazmin va bosiqlik bilan javob berish, mamluk qoʻshinlarining zaifligi haqida sir boy bermaslik kerak edi”, deb hisobladilar. Nima boʻlganda ham, mazkur elchi al – Maqriziyning “Tarix”i va Ibn Hajarning “Fath al – boriy” asar nusxalaridan olib ortga qaytdi. Shohrux bilan Barsboy oʻrtasidagi munosabat shu zaylda keskinlashdi. Barsboy bir necha bor Shohruxga qarshi qoʻshin tortajagini eʼlon qilgan boʻlsa-da, to 1438-yil iyunida vafot etguniga qadar bunga jazm qilmadi.

Barsboy vafotidan soʻng 1438-yil Misr taxtiga mamluk sultoni Chaqmoq oʻtirdi. Fursatdan foydalanib unga Shohrux katta hadyalar bilan oʻz vakilini yubordi. Yana bir necha bor hadyalar almashingach, aloqalar tubdan yaxshilandi. Shohrux Kaʼba kisvasini tayyorlash niyatidan hali ham voz kechmagan va har safar bu haqda eslatib turardi.

Nihoyat, Sulton Chaqmoq 1443-yili Kaʼba kisvasini tayyorlash haqidagi Shohruxning navbatdagi iltimosiga rozilik berdi. Ammo bu rozilik oʻzaro munosabatlarni keskinlashtirmaslik maqsadida shunday qarorga kelgandi. Har qalay, u Shohruxga faqat ich tomondan, yaʼni Misr sultoni kisvasi ostidan yopiladigan kaʼbapoʻsh tayyorlashni shart qilib qoʻydi. Rozilik olingani zahoti Shohrux Qohiraga Kaʼba kisvasi bilan oʻz vakillarini yubordi. Misr sultoni vakillarni qalʼada qabul qildi. Ularni Misrdan Haj safariga hozirladi. Makkai mukarramada shu yili Shohrux kisvasi Kaʼba ustiga Misr Sultoni kaʼbapoʻshi ostidan yopildi. 1447-yili Shohrux vafot qilgunga qadar Misr bilan doʻstona aloqa olib borildi. Misrliklardan keyinchalik ham Shohrux kisvasi degan tushuncha oʻrnashib qolgandi, to 1452-yilgacha aynan shu nom bilan Kaʼba ustiga kisva yopib turildi. Nihoyat, shu yili Sulton Chaqmoq goʻyo umuman Islom olamining va xususan Misr afkor-ommasining shuurini hisobga olib, Shohrux kisvasini olib tashlash va faqat Misr sultoni kisvasi bilan cheklanish haqida amri farmon berdi.

Demak, temuriyzoda Shoxrux Mirzoning bunday siyosiy harakatlari zamirida ham Islom dini olamida oʻz rahnamoligini bildirish, ham siyosiy sarhadlarini kengaytirish maqsadida ushbu strategik yoʻlni amalga oshirdi. Markaziy Osiyo va Misr oʻrtasida XV asrda joʻshqin diplomatik aloqalar mavjud boʻlganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, Amir Temur davridan bevosita keyin ham Shohrux misolida Markaziy Osiyo hokimlari musulmon dunyosida koʻzga koʻringan mavqe, qolaversa, umumiy parokandalik sharoitida hatto rahnamolikka daʼvogar boʻlganligini aniq isbotlab beradi.

1992-yil birinchi Prezidentimiz I.Karimov Saudiya Arabistoniga tashrifi chogʻida podshoh Faxd ibn Abdulaziz Kaʼbatullohga yopiladigan Kisvaning bir boʻlagini sovgʻa qildi va bu sovgʻa al – Buxoriy majmuasiga berildi.

Samarqand viloyat Oʻlkashunoslik muzeyida ipakdan toʻqilgan kaʼbapoʻshtning bir parchasi ekspozitsiya zallarimizda mavjud. Muzeyga tashrif buyurgan xorijiy hamda mahalliy mehmonlar oʻzgacha mamnuniyat bilan tomosha qilib, shuurida keng taassurotlar uygʻotmoqda.

Muhammad Xolmatov, 
Samarqand viloyat Oʻlkashunoslik muzeyi Katta ilmiy xodimi

4 728
O'zA