O‘zA O`zbek

11.01.2018 16:46 Chop etish versiyasi

“Temurbeklar maktabi”da mard va jasur o‘g‘lonlar tarbiyalanadi

“Temurbeklar maktabi”da mard va jasur o‘g‘lonlar tarbiyalanadi Samarqand shahridagi “Temurbeklar maktabi”ga avval ham, ya’ni muassasa harbiy litsey sifatida faoliyat ko‘rsatgan paytlarda ham bir necha bor kelganmiz. Ta’lim dargohi haqida maqolalar tayyorlaganmiz, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashganmiz.

Bu gal – Vatan himoyachilari kuni arafasida maktabga borganimizda muassasaning nafaqat nomi o‘zgargani, balki bu yerdagi ta’lim jarayoni takomillashgani, o‘qituvchi va o‘quvchilarning mashg‘ulotlarga munosabati o‘zgacha ekani, hatto binodagi ko‘rgazmali vositalar, o‘quv xonalarining jihozlanishi ham yangichaligiga guvoh bo‘ldik.

– Ismi jismiga mos, nomiga munosib, degan gaplar bekor aytilmas ekan, – deydi Samarqanddagi “Temurbeklar maktabi” direktori Elbek Xudoyqulov. – Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, bizning harbiy akademik litseyga ham “Temurbeklar maktabi” nomi berilgani, avvalo, zimmamizdagi mas’uliyatni oshirdi. Chunki, bu maktabda o‘qigan yoshlar Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlarini o‘rganishi, buyuk sarkardaga munosib voris bo‘lishi talab etiladi. Maktabning yangidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlarida bunga alohida e’tibor qaratilib, Amir Temurning harbiy-ma’naviy merosini o‘rganishga keng o‘rin ajratilgan. Maktab uchun berilgan ko‘rgazmali vositalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalarida ham bu jihatlar hisobga olingan. Mashg‘ulotlar interfaol usulda, yangicha tartib-qoidalar bo‘yicha olib borilmoqda.

Ayni paytda maktabda 433 o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 35 nafar pedagog xodim va 23 nafar harbiy ta’lim-tarbiya beradi. O‘quvchilarning asosiy qismini viloyatdagi umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan yoshlar tashkil etadi. Shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va boshqa viloyatlardan kelgan o‘quvchilar ham belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilingan.

O‘quvchilar davlat tomonidan oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlanadi. 450 o‘rinli yotoqxonada ularning dam olishi, dars tayyorlashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 7 ming 600 dan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazidan ham kerakli o‘quv va badiiy adabiyotlarni topish mumkin. O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli, foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishi uchun 40 dan ortiq fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garaklarda faol qatnashayotgan yoshlar viloyat va mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan fan olimpiadalari, sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda.

8.JPG

– Kelajakda harbiy bo‘lishni maqsad qilganman, – deydi maktab o‘quvchisi Rahimberdi Abdunazarov. – Maktabda ushbu maqsadga erishish uchun bilim va kasb ko‘nikmalarini puxta egallashga harakat qilyapman. Ustozlarim bergan saboq hamda muassasamizda yaratilgan qulay imkoniyatlar tufayli joriy o‘quv yilida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi uyushtirgan insholar tanlovida g‘olib bo‘ldim. Boshqa tanlov va sport musobqalarida ham jamoamiz bilan yuqori o‘rinlarni egallayapmiz. Bu, albatta, maktabni bitirganimizdan so‘ng oliy harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirishimizda yordam beradi.

17.JPG

– Maktabimizdagi o‘qish jarayoni o‘quvchilarni har tomonlama toblab, ularda harbiylik bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni hosil qiladi, – deydi o‘qituvchi D.Ne’matova. – Bu yerda ular jismoniy va ruhiy kamolotga yetib, kelajakda o‘z yo‘lini tanlashga qodir bo‘ladi. Ko‘plab bitiruvchilarimizning harbiy bilim yurtlarida o‘qishni davom ettirayotgani, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgani shundan dalolat beradi. Endilikda muassasamiz “Temurbeklar maktabi” deb nomlangach, o‘quvchilarimiz buyuk Sohibqiron bobomizdek mard va jasur, haqiqiy yurt posboni bo‘lishga intilib, bilim olmoqdalar.

Shu kunlarda maktabda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘quvchilar o‘rtasida sportning 7 turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilar muassasada nishonlanadigan bayram tadbiriga ham qizg‘in hozirlik ko‘rayotir.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
34 467