Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 21:28 Chop etish versiyasi

Temiryo‘lchilar bayrami nishonlandi

Temiryo‘lchilar bayrami nishonlandi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimiz temir yo‘l transporti sohasi murakkab yo‘lni bosib o‘tganini, mamlakatimiz hududlarini ishonchli bog‘laydigan, xalqaro transport yo‘laklariga chiqish imkonini beradigan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining yaxlit tizimi barpo etilganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yil 10-mart kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro – Miskin temir yo‘l qurilishining borishi bilan tanishib, tarmoqdagi ishlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarini berdi. Umumiy uzunligi 355 kilometrni tashkil etadigan mazkur temir yo‘lning 335 kilometri tamomila yangidan bunyod etilmoqda. Mazkur temir yo‘lning qurib, foydalanishga topshirilishi bilan poyezdlar qatnovi qariyb 75 kilometrga qisqaradi.

3 (3).jpg

Qarshi va Termiz oralig‘idagi temir yo‘lni elektrlashtirish ishlari avj pallasida. Uzunligi 325 kilometrni tashkil etadigan mazkur yo‘lning 183 kilometri to‘liq elektrlashtirildi. Urganch – Xiva yangi temir yo‘li qurish va elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Temir yo‘l vokzallarini zamonaviy talablar asosida qayta qurish, yo‘lovchilarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda mamlakatimizda 16 yangi temir yo‘l vokzali bunyod etildi, 9 vokzal rekonstruksiya qilindi. Hozirgi paytda Toshkent shahridagi Janubiy vokzalni rekonstruksiya qilish, Xiva va Namangan shaharlarida zamonaviy vokzallar qurish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Qurilish-bunyodkorlik ishlarida ham temiryo‘lchilarning hissasi salmoqli bo‘layotir. Turli murakkablikdagi yo‘llar, ko‘priklar, estakadalar bunyod etishda katta tajriba to‘plagan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi bugun o‘ta murakkab qurilish – yer usti va yer osti metropolitenlarini barpo etishga kirishgan. Poytaxtimizning Sergeli tumanini shahar markazi bilan bog‘laydigan olti bekatli yer usti, Yunusobod tumanida yer osti metropolitenini qurish ishlari olib borilmoqda.

Anjumanda Prezidentimizning shu yil 4-avgustdagi “Mamlakatimiz temir yo‘l sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bir guruh temiryo‘lchilarga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari topshirildi.

25.jpg

– Davlatimiz rahbarining farmoni bilan joriy yildan boshlab har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanishi bizga cheksiz g‘urur baxsh etdi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi bosh direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Nusratillo Abdullayev. – Bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lish, zimmamizdagi mas’uliyatni teran anglash, xalqimiz manfaati yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beramiz.

Tadbirda taniqli san’atkorlar va ijrochi yoshlarning konserti namoyish etildi.

Behzod Bozorov, Muhammad Amin (surat), O‘zA
1 561






Все о погоде - Pogoda.uz