O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

“Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi televizion bozor tendensiyalarini hisobga olishi kerak

“Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi televizion bozor tendensiyalarini hisobga olishi kerak

“Poytaxt” biznes markazida teleradioeshittirishlar sohasining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Milliy teleradiokompaniya, Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi vakillari, mahalliy telekanallar rahbarlari, aloqa va teleradioeshittirishlar muammolariga ixtisoslashgan olim va yuristlar televizion bozoridagi tendensiyalarni muhokama qilish va “Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini takomillashtirish uchun oʻz takliflarini kiritish maqsadida bu yerga jam boʻldi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qoʻmitasi raisi Ilhom Abdullayev “Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi qonunning maqsadlari haqida soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasi zamonaviy televizion bozordagi barcha talablarni hisobga oladi va mamlakatimiz televideniyesini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ushbu qonun loyihasi oltita bob, 38 ta moddadan tashkil topgan boʻlib, meʼyoriy-huquqiy hujjat loyihalarini muhokama qilish regulation.gov.uz portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Unda har kim mazkur qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan taklif va mulohazalarini qoldirishi mumkin.

Yangi qonun bir necha yil davomida mahalliy televideniyeni rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilab beradi. Chunki unda Oʻzbekiston hududida efir, kabel, sputnik, IP-TV, OTT texnologiyalari va translyatsiyaning boshqa turlari orqali milliy va xorijiy teleradiokanallarini shakllantirish va tarqatish sohasidagi yagona tamoyillar va qoidalar mustahkamlab qoʻyilgan. Bir vaqtning oʻzida u televideniye va radioeshittirishlar xizmatlari isteʼmolchilarining xolis va ishonchli maʼlumotdan foydalanish huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, teleradiodasturlar yaratish va tarqatishning barcha bosqichlarida demokratik va fikrlar xilma-xilligi tamoyillariga amal qilinishini kafolatlaydi.

Eʼtiborli jihati shundaki, yangi qonun mahalliy telekanallar va radiokanallar faoliyatida qoʻllanibgina qolmay, ayni damda Oʻzbekiston hududida oʻz faoliyatini yuritayotgan xorijiy teleradiokanallar ishini ham tartibga soladi.

Qonun chiqaruvchilarning aynan mazkur tashabbusi tadbirda ishtirok etgan Milliy teleradiokompaniya va mahalliy telekanallar vakillarining qizgʻin bahs-munozarasiga sabab boʻldi. Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy telekanallar reyestrini tuzish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, televideniye xodimlari televideniye xizmatlari ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish zarurligi boʻyicha fikr almashdilar. Ular shuningdek, mahalliy telekanallar auditoriyasiga taʼsir koʻrsatayotgan zamonaviy internet-texnologiyalarning rivojlanayotgani ularni xavotirga solayotganini maʼlum qildi. Bu muammo Qozogʻiston misolida atroflicha koʻrib chiqildi. U yerda har yili xorijiy veb-manbalar tobora ommalashib borayotgani sababli, Qozogʻiston telekanallari auditoriyasi keskin kamayib ketmoqda. Aksariyat oʻzbek telekanallari internet tarmogʻida IP-TV texnologiyalari yordamida translyatsiya qilinayotganini hisobga olib, mutaxassislar tomonidan ushbu innovatsiyalarning foydali va zararli tomonlari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, qonun loyihasida oʻzlari uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan moddalarni ajratib koʻrsatdilar.

Shunday qilib, yangi qonun qabul qilinganidan soʻng, davlat, xususiy, ijtimoiy va xorijiy tele va radio tashkilotlar milliy teleradioeshittirishlar tuzilmasiga kiradi. Qonun loyihasiga muvofiq, yuridik shaxslar va Oʻzbekiston fuqarolari axborot tarqatuvchi tashkilotni taʼsis qilish huquqiga ega boʻladi. Ayni damda xorijiiy muassisning ulushi 30 foizdan oshmasligi kerak boʻladi.

765
Roman BONDARCHUK, OʻzA