Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

31.10.2017 13:04 Chop etish versiyasi

"Telegram" tarmog‘idagi "Intellect" guruhi a’zolarining navbatdagi kitob aksiyasi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Bugun mobil aloqa, internet, ijtimoiy tarmoqlar o‘zaro muloqot va axborot olishning asosiy manbaalariga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarda kitob mutolaasiga bag‘ishlangan guruhlarning tashkil etilib, turli xil o‘yinlar, viktorinalar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish tobora keng tus olayotgani mamlakatimizda kitob targ‘iboti bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat samarasidir.

Prezidentimizning shu yil 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilayotir.

"Telegram" tarmog‘idagi yoshlardan tarkib topgan "Intellect" guruhi a’zolari ham muntazam ravishda intellektual o‘yinlar, mutolaa oyligi loyihalari, kitoblar bo‘yicha bahslar, Mehribonlik uylari hamda kam ta’minlangan oila farzandlariga mo‘ljallangan kitob o‘qish aksiyalari o‘tkazib kelmoqda.

Ushbu guruh a’zolari tomonidan tashkil etilgan navbatdagi kitob aksiyasi Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi 15-Mehribonlik uyida bo‘ldi. Guruhning ellikka yaqin a’zosi mazkur muassasa tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, ularga uch yuzga yaqin kitob, o‘quv qurollari, o‘yinchoqlar sovg‘a qildi.

Tadbirda poytaxtimizdagi «Prime Education» o‘quv markazi mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari faollik ko‘rsatdi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari tomonidan tayyorlangan madaniy-ma’rifiy dasturlar bolajonlarga olam-olam zavq ulashdi.

– Kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan loyihalar, xususan, Mehribonlik uylarida tashkil etilayotgan tadbirlar nafaqat bolajonlarga, balki guruh a’zolariga ham cheksiz quvonch bag‘ishlamoqda, – deydi loyiha muvofiqlashtiruvchisi Sanjar Rustamov. – O‘g‘il-qizlarning bizni mehr, quvonch bilan qarshi olishlari, kitoblar ulashilgandagi minnatdorlik tuyg‘usi katta taassurot uyg‘otmasdan qolmaydi.

Noyabr oyidagi kitob aksiyasi Oqqo‘rg‘on tumanidagi ana shunday muassasalardan birida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
4 509