O‘zA O`zbek

07.08.2018 19:08 Chop etish versiyasi

Teatr yangi mavsumni boshladi, ammo...

Jizzax viloyati musiqali drama teatri navbatdagi mavsumni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan boshladi.

Asarni ko‘p yillardan buyon ushbu dargohda ijod qilib kelayotgan taniqli rejissyor Ilhom Normatov sahnalashtirdi.

Ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan asarni sahnalashtirishning o‘ziga xos qiyinchiliklari bo‘ladi. “Jannatga yo‘l” aynan shunday – xalqimiz ma’naviy mulkiga aylangan asarlardan. Uning sahna ko‘rinishidagi muvaffaqiyati ham, kamchiligi ham tomoshabin nazaridan chetda qolmaydi.

Rejissyor va aktyorlar jamoasi asarni sahnalashtirishda bu mas’uliyatni to‘la his etgani spektakl davomida to‘liq namoyon bo‘ldi. Ijodiy jamoa asar g‘oyasini sahnada aks ettirishda teatr imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olgan. Shuning uchun asar bosh g‘oyasi ta’sirchanligini oshirishda sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan.

Teatr faoliyatiga xolis bahoni tomoshabin beradi, albatta. Buning uchun teatr tomoshabinga to‘lishi kerak. Biroq keyingi yillarda bu jiddiy muammoga aylanib qoldi. Shu bois mazkur spektaklda 550 o‘rinli teatr zalining yarmi tomoshabin bilan band bo‘lganini muvaffaqiyat, deyish mumkin. Demak, haqiqiy muxlislar bor. Uni tomosha qilishga nafaqat Jizzax, balki qo‘shni Sirdaryo viloyatidan ham ko‘plab teatr ixlosmandlari kelgani fikrimiz tasdig‘idir.

– “Jannatga yo‘l” dramasi sahnalashtirilganini teatrning veb-saytida o‘qib, bolalarimni ham olib keldim, – deydi sirdaryolik Nodira Turdiqulova. – Teatrga qiziqqan muxlislar yig‘ilib, bir avtobusni to‘ldirdik. Tomosha ham shuncha olis yo‘l bosib kelganimizga arzirli bo‘ldi. Ijodkorlarga katta rahmat.

Keyingi yillarda sohaga qaratilayotgan e’tibor, davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini takomillashtirishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kutilgan samarani bermoqda. Tegishli qarorlar talablaridan kelib chiqib, ushbu teatr jamoasi faoliyatida ham qator yangilanishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili muassasa to‘liq ta’mirdan chiqarilib, ijodkorlarga ham, tomoshabinlarga ham barcha qulaylik yaratildi.

Ayni paytda teatrni chinakam madaniyat, ma’rifat va ma’naviyat markaziga aylantirish yo‘lida salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, ijodiy jamoa tomonidan joriy yilda 50 mingdan ziyod kishiga pullik va pulsiz tomoshalar namoyish etildi.

Aholi, ayniqsa, qishloq yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tumanlarga ijodiy safarlar tashkil etilayotir. Teatrning iste’dodli yosh rejissyori Shohrux Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish mavzusidagi “Bahodir” spektakli namoyishi viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, O‘tkir Hoshimov asari asosida sahnalashtirilgan “To‘ylar muborak”, “Ko‘ngil guldek nozik” komediyalarining ko‘chma namoyishi Do‘stlik, Zarbdor, Zomin va Forish tumanlarida o‘tkazildi.

Mart-aprel oylarida “Obod qishloq” dasturi doirasida Manas qishlog‘ida 3 marotaba teatrlashtirilgan konsert tomoshasi hamda “To‘ylar muborak”, “Ko‘ngil guldek nozik” komediyalari namoyish etildi.

Bu borada yangiliklar kam emas, biroq bugungi kunda teatr moliyaviy og‘ir ahvolga tushib qolgan. Tomoshabin kamligidan spektakllar sahnalashtirish xarajatlarini qoplamayapti. Ushbu muammoni hal etish uchun hukumat va viloyat hokimligining qarorlari bilan teatr faoliyati samaradorligini oshirish uchun homiylik ko‘rsatish taklifini bildirgan tashkilotlar belgilangan. Biroq, hozirga qadar homiy tashkilotlarning hech qanday yordami sezilmayapti. Oqibatda teatr targ‘iboti, reklama vositalari o‘rnatish hamda gastrol safarlari bilan ko‘chma namoyishlarga chiqish uchun avtobus olish masalasi ham muammo bo‘lib qolayotir.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Binobarin, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishning muhim vositasi bo‘lgan teatrni qo‘llab-quvvatlash taraqqiyotimizga hissa qo‘shish ekanini ushbu muassasaga homiylikni zimmasiga olgan tashkilotlar unutmasliklari lozim.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 156