O‘zA O`zbek

14.08.2019 16:55 Chop etish versiyasi

Teatr muxlislari uchun tuhfa

Teatr muxlislari uchun tuhfa

Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Nartay Bekejanov nomidagi Qiziloʻrda viloyat qozoq musiqali teatr jamoasining Rahimjon Otarbayev asari asosidagi “Narkom Jurgenov” nomli dramasi namoyish etildi.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston madaniyati kunlari doirasida tashkil etilgan ushbu namoyishga keng jamoatchilik, sanʼat muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Shu kuni teatr foyesida Qiziloʻrda viloyati musavvirlari ijodiga bagʻishlangan badiiy koʻrgazma tashkil etildi. Mazkur koʻrgazma ikki qardosh xalqning anʼanalari, madaniyati, qadimiy urf-odati namoyish etgani bilan ahamiyatlidir.

Oʻzbek Milliy akademik drama teatri direktori Fatxulla Maʼsudov, Qiziloʻrda viloyati hokimining oʻrinbosari Ruslan Rustemov, Qozogʻiston Respublikasi oʻzbeklari “Doʻstlik“ assotsiatsiyasi raisi Ikromjon Hoshimjonov, Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov va boshqalar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotgani madaniy-maʼrifiy jabhalarda ham yaqqol koʻzga tashlanayotganini taʼkidladi.

2018-yilda Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yili doirasida mamlakatimizning koʻplab teatr jamoalari qardosh xalqqa oʻz repertuarlaridagi eng sara spektakllarni taqdim etgan edi.

Mamlakatimizda koʻtarinki ruhda oʻtkazilayotgan Qozogʻiston yili doirasida koʻplab yangi premyeralar, konsertlar, musiqiy loyihalar, madaniy muloqotlar, koʻrgazmalar oʻtkazilayotgani eʼtiborga molik.

– “Narkom Jurgenov” spektaklini atayin Oʻzbekistonda namoyish etish uchun sahnalashtirdik, – dedi Qiziloʻrda viloyat qozoq musiqali drama teatri badiiy rahbari, rejissyor, Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Husseyn Amir Temur Jusip oʻgʻli. – Temirbek Jurgenov 1929-1937-yillarda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikistonda faoliyat yuritib, sanʼat, madaniyat, maorif sohasi rivoji yoʻlida samarali mehnat qilgan. Spektakl davomida qozoq raqs sanʼatining yorqin yulduzlaridan biri Shara Jiyenqulovaning oʻzbek sanʼatining atoqli namoyandasi Tamaraxonim bilan uchrashishi, undan mahorat sirlarini oʻrganishiga oid lavhalar ham bor. Ishonamanki, bu spektakl tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

...Spektakl boshlandi. Ushbu asar oʻtgan asrning oʻta murakkab davrini yodga olishi bilan birga yosh avlodni Vatanga sadoqat, xalqqa muhabbat, milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga, ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.

N.USMONOVA, OʻzA
626