O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Tayvanliklar Namanganda yirik parrandachilik kompleksi quradi

Tayvanliklar Namanganda yirik parrandachilik kompleksi quradi

Tayvanning “Kai Shing Trading Co.Ltd” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ten Syuekay ishbilarmonlik tashrifi bilan Namanganga keldi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Ten Syuekayning o‘zaro rasmiy uchrashuvida mahalliy hokimlik bilan “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasi o‘rtasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha investitsion kelishuv imzolandi.

Sharqiy Osiyoda parrandachilik yo‘nalishidagi yirik loyihalari bilan tanilgan Ten Syuekay Namangan viloyatida yirik parrandachilik kompleksi qurish rejasini amalga oshirmoqda. Bu borada "Kai Shing Trading Co. Ltd" rahbari bir necha bor Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Namangan viloyatida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Imzolangan kelishuvga ko‘ra, parrandachilik kompleksi, issiqxona, kushxona, yem ishlab ishlash chiqarish, organik chiqindilarni qayta ishlash zavodlari kabi bo‘limlardan iborat ushbu yirik loyihani amalga oshirish uchun “Kai Shing Namangan” xorijiy korxonasiga viloyat hududidan 550 gektar yer ajratiladi, investor tomonidan esa 30 million dollar sarmoya kiritiladi.

Korxonada ochiq osmon ostida maxsus zotli tovuqlarni yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Yetishtirilgan tovuqlarning katta qismini Xitoyda mashhur “Imperator tovuq essensiyasi” ishlab chiqarishiga yo‘naltiriladi hamda Xitoyga eksport qilinadi. Qolgan qismi “Halol” sertifikati bilan arab davlatlariga hamda ichki bozorga sotiladi.

322
Akromjon SATTOROV, O‘zA