O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Taxiatoshlik paxtakorlar rejani bajardi

Taxiatoshlik paxtakorlar rejani bajardi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani paxtakorlari davlatga 5 ming 250 tonna paxta topshirib, Orolboʻyida birinchi boʻlib shartnomaviy rejani bajardi.

Tumanda paxtachilikka ixtisoslashgan 53 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 2 ming 600 gektarga chigit qadalib, barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida sifatli olib borildi. Natijada dalalarda moʻl hosil olindi.

Yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish maqsadida 50 ta otryad tashkil etilib, ularga 3 ming 500 nafar terimchi biriktirildi. Dala boshlarida issiq ovqat tashkil etilib, madaniy hamda savdo xizmatlari koʻrsatib borildi. Bugungi kunga kelib terimchilarga 4 milliard soʻmdan ziyod terim pullari tarqatildi. Bundan tashqari, terimchilar oʻrtasida musobaqalar tashkil etilib, gʻoliblar homiy tashkilotlar tomonidan ragʻbatlantirib borildi. Natijada tumandagi 53 ta fermer xoʻjaligidan bugungi kunga 36 tasi shartnomaviy rejasini bajarishga erishdi.

Jumladan, “Naymankoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Madad Botir” fermer xoʻjaligi 132 tonna oʻrniga 159 tonna, “Rashid” fermer xoʻjaligi 145 tonna oʻrniga 153 tonna, “Keneges” ovul fuqarolar hududidagi “Mustaqillik” fermer xoʻjaligi 103 tonna oʻrniga 112 tonna, “Tureyev Sultamurod” fermer 110 tonna oʻrniga 120 tonna, “Saraykoʻl” ovul fuqarolar hududidagi “Azamat” fermer xoʻjaligi 152 tonna oʻrniga 204 tonna, “Gochmedova Bibinaz” fermer xoʻjaligi 78 tonna oʻrniga 86 tonna paxta topshirib, belgilangan rejani ortigʻi bilan bajardi.

– Qishloq xoʻjaligi sohasiga qaratilayotgan katta eʼtibor natijasida har yili yuqori koʻrsatkichga erishib kelmoqdamiz, – deydi “Azamat” fermer xoʻjaligi rahbari Bayramqilich Dadaboyev.– Dalalarimizda hosil moʻl. Qoʻshimcha yana 80 tonnadan ziyod paxta topshirib, oʻrtacha hosildorlikni 42 sentnerga yetkazmoqchimiz. Hisob-kitoblarga koʻra, yil yakunida paxtachilikning oʻzidan 500 million soʻmdan ziyod sof foyda olamiz.

12.jpg

2 205
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV ,OʻzA