O‘zA O`zbek

08.08.2019 17:55 Chop etish versiyasi

Taxiatosh IESda ikki bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushiriladi

Taxiatosh IESda ikki bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushiriladi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida bunyod etilayotgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida quvvati 230 va 280 MVt boʻlgan ikki bugʻ-gaz qurilmasi 2020-yilda ishga tushiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning umumiy quvvati 510 MVt, umumiy qiymati 678,2 million dollarni tashkil etadi. Bugʻ-gaz qurilmalarining ishga tushirilishi Taxiatosh IESga elektr energiyasiga oʻsib borayotgan talabni qondirish bilan birga mavjud uskunalarda sarflanayotgan yoqilgʻini yiliga 488,6 million metr kub tejash imkonini beradi.

Ushbu stansiyaning samaradorligi 31,21 dan 49,7 foizga oshadi. Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3,6 milliard kVt va yillik issiqlik ishlab chiqarish hajmi 139 000 Gkaldir. IES ishga tushgach, bu yerda 97 yangi ish oʻrni yaratiladi. 

Maʼlumot oʻrnida, bu loyihani amaliyotga tatbiq etish uchun bosh pudratchi “Oʻzbekenergo” AJ va “Consortiumof Hyundai Engineering Co. Ltd.” hamda “Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd” hamkorligida “tayyor holda topshirish” tamoyili asosida shartnoma imzolagan.

OʻzA
4 326