Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2018 21:30 Chop etish versiyasi

“TAXI” filmi musiqasi Otajon Xudoyshukurovga tegishlimi? Yoxud “Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi” (+video)

“TAXI” filmi musiqasi Otajon Xudoyshukurovga tegishlimi? Yoxud “Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi” (+video)

www.uza.uz saytida “AJABO: “Taksi” kinosini jahonga mashhur qilgan musiqa o‘zbek san’ati durdonasidan o‘g‘irlangan...mi?” nomli maqola e’lon qilindi. Material kutilganidek ko‘pgina bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Turfa xil fikrlar aytildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida materialning sarlavhasidanoq xulosa yasaganlar ham uchradi.

Ayrimlar bizni “Taksi” filmi ijodkorlari o‘zbek san’ati durdonasi bo‘lgan qo‘shiqni o‘g‘irlaganlikda aybladi, xulosasini bergan deb o‘z fikrlarini bildirgan. Aslida maqolada bu haqda to‘liq xulosa berilmagan va tez orada unga aniqlik kiritilishi aytilgandi. Agarda o‘quvchi maqola qanday tartibda yozilganiga jiddiyroq ahamiyat berganida edi bunday fikrlar bo‘lmasdi.

Va bilardiki, material hali e’lon qilinmaganini – qisqagina “anons” berilganini...

Masalaning yana bir jihati – bu maqolaning sarlavhasi... Haqiqatdan ham sarlavha boshqacharoq bo‘lgani yaxshimidi? “AJABO: “Taksi” kinosini jahonga mashhur qilgan musiqa o‘zbek san’ati durdonasidan o‘g‘irlangan...mi?”, bu yerda “o‘g‘irlangan”, degan xulosa berilmaganini anglash shunchalik mushkulmi? AJABO!

Biz qalamga olgan mavzu O‘zA saytida e’lon qilingandan so‘ng muhokama maydoniga ko‘tarilgani yo‘q. Bu boradagi gap-so‘zlar, tahririyatimizga aniqlashtirib berish maqsadida bildirgan takliflar o‘quvchilardan bir necha bor kelgan.

Shulardan biri jizzaxlik Umidjon Ikromovdir. Umidjon “TAXI” filmi Otajon Xudoyshukurov qo‘shig‘ining musiqasini o‘g‘irlab olgan ekan!”, degan xabarnomani tahririyatga yo‘llab bunga oydinlik kiritib berishimizni so‘radi.

Tahririyatning vazifasi kelgan murojaat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar unga atroflicha javob qaytarish. Ayniqsa, bu masala ko‘pchilikni qiziqtirayotgan bo‘lsa mas’uliyat hissa ana shuncha ortadi.

To‘g‘risi, kinoning boshlanishidanoq juda tanish sharqona musiqa yangrab, ohanglari bahor, yomg‘ir bilan bog‘liq xotiralarni yodga soldi. Aytingchi, bu kimga qiziq emas... Musiqani taqqoslash uchun yana eshitasiz, bunday paytda kishining ko‘nglidan nimalar o‘tmaydi? Oddiy misol. Uzoq bir manzilga, boshqa bir elga borib, yaqin bir odamingizning qiyofadoshini ko‘rganda qanchalar sevinasiz, hayratlanasiz... Shunchalik ham o‘xshashlik bo‘ladimi?

Otajon Xudoyshukurov bu qo‘shiqni qachon kuylagan ekan, bastakori kim? “Taksi” filmi-chi? Film suratga olinganiga ham yigirma yil bo‘libdi. Shu vaqtga qadar bu kinoni necha marotaba ko‘rganman, nima uchun musiqasiga jiddiy e’tibor bermadim? Xullas, shunday gaplar.

“TAXI” fransuz kinoijodkorlarining eng omadli badiiy filmlaridan biri. Bilamizki, Lyuk Bessonning bu filmi ilk bor 1998-yilning bahorida namoyish etilgan.

Unda foydalanilgan kuy O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Otajon Xudoyshukurovning 1972-yilda aytgan “Bahorimdan rozi” qo‘shig‘ining musiqasiga juda o‘xshaydi. Bu qo‘shiqning so‘zlari Ozarbayjon xalq shoiri Vaqifga, musiqa va qo‘shiq O.Xudoyshukurovga tegishli ekanini eshitganim bor.

Bu va mavzu doirasidagi boshqa taxminlarimga asos topish uchun bir qator san’atkorlar, ekspertlarning xulosalarini bilishga harakat qildim.

– 1970-1980 yillarda hofizlar orasida ozar usulida ashula kuylash urf bo‘lgandi, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Matrasul Matyoqubov. – Misol uchun, Ortiq Otajonovning “Turnalar”, Otajon Xudoyshukurovning “Bahorimdan rozi” qo‘shiqlari shunday ko‘ngil talabining mahsuli. 1980-yildan Otajon akaning yonida bo‘lganman. Bu qo‘shiqni o‘ziniki kabi ijro etganini ko‘p eshitganman, lekin tarixiga qiziqib ko‘rmagan ekanman. Avvalo, aytishim kerak, siz aytayotgan filmni diqqat bilan ko‘rmaganman. Balki, shundandir uning musiqasiga u qadar e’tibor qilmagan bo‘lishim mumkin. Musiqadagi ohanglar o‘xshab ketishiga to‘xtaladigan bo‘lsam, qaysidir notalarning bir-birini takrorlashi uchrab turadi. Bunga tabiiy hol deb qarashni so‘rardim. Inson ong ostida qachondir eshitgan, xotirasida qolgan ohanglarni keyinchalik o‘zi bilmagan holda takrorlashi mumkin.

— Otajon Xudoyshukurovni yaqindan bilardim, – deydi Markaziy Osiyo mamlakatlari baxshi, shoir, oqinlari ko‘rik-tanlovi g‘olibi Suvonberdi Matyoqubov. – U juda ko‘p qo‘shiqlarga kuy bastalagan. “Judolik”, “Sog‘inaman”, “Sog‘inib”, “Olamda bir”, “Yo‘qdir”, “Qoshima”, “Asta-asta”, “Tabassum qil” kabi qo‘shiqlarning kuyi shular sirasidandir. “Bahorimdan rozi” qo‘shig‘ini ustoz ozar usulida ijro etgan edi. Ustoz ehtimol bu asarni ozar xalqining noyob iste’dod egasi Zeynab Xanlarova bilan birga yaratgan bo‘lishi mumkin.

— Otam G‘ofur Xudoyshukurov 1976-1992 yillarda Otajon og‘aning yonida doira chalib yurganlar, – deydi xonanda Temur Xudoyshukurov. – Ijtimoiy tarmoqlarda bu shov-shuvlar boshlanganda otamdan bu haqida bilish-bilmasligini so‘radim. Ularning fikricha, bu musiqa turklarning kuyidan ilhomlanib yaratilgan ekan.

— Yetmishdan o‘tdim. Umrim davomida ko‘plab hofizlarning qo‘shiqlarini yozib olganman, – deydi Otajon Xudoyshukurovning ovoz yozuvchisi Ozod Hayitov. – Bu san’atkorlarning ijod mahsullari shaxsiy arxivimda saqlanadi. Otajon Xudoyshukurov bilan 33 yil birga yurganman. Bu asarni uning o‘zi bastalagan, deb bemalol ayta olaman. O‘sha qo‘shiqni yonida turib, o‘zim yozib olganman. Siz aytayotgan film musiqasining yaratilish tarixidan, rosti, bexabarman.

Yana bir fakt: Xorijiy internet nashrlarida keltirilishicha, filmdagi musiqa Rebetiko uslubida yaratilgan bo‘lib, uning tarixi greklar ijodiy yo‘nalishiga borib taqalar ekan. “Misirlou” ya’ni “Misrlik” deb nomlangan ushbu qo‘shiq ohangi o‘z davrida Yaqin Sharq mamlakatlari orasida juda mashhur bo‘lgan.

Darvoqe, dunyoda qanchadan qancha o‘xshashliklarni ko‘rganmiz. Ixtirolar, g‘oyalar, o‘xshash chehralar... bu mavzuga ham chuqur kirib ketmasdan ba’zi o‘rinlarda to‘g‘ri kelgan ana shunday o‘xshashlik tasodif deb qarashingizni so‘rardik.

Bir musiqa tarixi bo‘yicha aytmoqchi bo‘lganimiz shu edi.



Sayyora Shoyeva, O‘zA
3 203