O‘zA O`zbek

05.12.2018 19:53 Chop etish versiyasi

Tavsiyalar yordam berdi

Oila qurgan yoshlar baʼzida turmush chorrahalarida qoqiladilar, shunday paytda kimdir ularni yupatib, dalda berib qoʻllab-quvvatlasa,kimdir zarur tavsiyalarni bersagina,ular oʻzlarining xatolarini oʻz vaqtida tushunib yetadilar. Bu oilaga boʻlgan munosabatlarini, boshlagan hayotlarini yaxshilab oladilar.

1994-yilda Piskent tumani “Navoiy” koʻchasida tugʻilib voyaga yetgan Shahnoza taqdir taqozosi bilan Nurafshon shahriga kelin boʻlib tushdi. Turmush oʻrtogʻi Sirojiddin bilan baxtli hayot kechirib, bir qizning ota-onalari boʻlishdi. Ammo nima sabab boʻldi-yu, Shahnozaning feʼli oʻzgardi-qoldi, atrofdagilari unga yoqmay betgachopar, qaysar boʻlib qoldi. Har narsadan bahona topib, oxiri janjal-toʻpolon koʻtarib arazlab otasi uyiga ketdi. Kelinlari Shahnozani uyiga, oilasiga qaytarish borasida Abdukarimovlarning olti oy davomida bir necha marotaba qatnaganlari befoyda boʻldi.

Sirojiddin Abdukarimov oilada bitta oʻgʻil, toʻgʻrisoʻz, ogʻir vazmin yigit, oʻnta gapirsang, bitta “ha” yoki “yoʻq”, deydiganlardan. Oila bir qarashda katta, fayzli, yaʼni qaynona buvi, qaynota, qaynona, opa-singillardan iborat boʻlib, yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaxshi, ammo... negadir ayollar mayda-chuyda gaplarga oʻralashib qolgan, xolos.

Toshkent viloyati Nurafshon shahar “Oila” boʻlimiga mazkur holat boʻyicha qaynona Jannat Abdukarimovadan tushgan arizada asosiy maqsad Shahnozani oʻgʻillari Sirojiddin bilan ajratib berishlari soʻraldi. Boʻlim mutaxassislari tomonidan ikkala quda xonadonlarida oʻtkazilgan suhbatlar jarayonida bu aynan er-xotinning mojarosi emas, balki qaynona va katta qaynona buvilarning kelinning xatti-harakati boʻyicha eʼtirozidan kelib chiqqanligi maʼlum boʻldi. Ularning gaplari – “kelin tarbiyasiz, hech kim bilan chiqisha olmaydi, erini hurmat qilmaydi”dan nariga oʻtmadi.

Yosh kelinchak va kuyovga oila muqaddasligi, oilada er-xotinning majburiyatlari, muomala madaniyati,roʻzgʻor yumushlari, sharqona mentalitetimizga xos boʻlish sirlari hamda oʻrtadagi yosh goʻdakning taqdiri haqida tavsiyalar berib oʻtildi.Shundan soʻng Shahnoza oʻz oilasiga qaytdi va yana bir ajralish yoqasida turgan oila saqlab qolinishiga erishildi.

Umida Mansurova



OʻzA
1 843