Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.10.2017 18:45 Chop etish versiyasi

Tasvirga sig‘magan tuyg‘ular

O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi Alisher Mirzo zamonaviy o‘zbek tasviriy san’ati ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ardoqli ijodkorlardan.

Alisher Mirzo suratlarga sig‘dira olmagan tuyg‘u va kechinmalarini adabiyotda, nasrda ifoda etishga jazm etmoqda. “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Kallaxonalik yigitcha” va “Musavvir” romanlari musavvirning shunday tug‘yonlari mevasidir.

Toshkent shahridagi “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbir mazkur kitoblar taqdimotiga bag‘ishlandi.

Tadbirda taniqli musavvir Alisher Mirzoning adabiyot olamiga kirib, muxlislariga o‘ziga xos uslubda nasriy asarlarni tuhfa qilishi chindan kutilmagan voqea bo‘lgani hamda bu asarlar adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingani ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida“gi qarori mamlakatimiz ijodkorlarini qizg‘in ijodiy jarayonda faol ishtirok etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Muallif “Kallaxonalik yigitcha” va “Musavvir” romanlarida badiiy obraz, holat, voqealar tasvirini xalqona so‘z, iboralardan ustamonlik bilan foydalangani kishini quvontiradi. Asarlarda qahramonning xotiralarini yanada boyitishga yordam bergan suratlar ham muallifniki.

– Alisher Mirzo iste’dodli rassomlarimizdan, uning asarlari barchamiz uchun qadrlidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Dilbar Mahmudova. – Mazkur yangi asarlar haqida gapirganimizda, avvalo, rassomning tasviriy san’atga sig‘dirolmagan tug‘yonlari badiiyatga toshqin kabi o‘tganini ko‘ramiz. Ularda syujet, obraz va xarakterlar to‘qilmagan, aksincha, hayotdan olingan. Asarlardagi ifoda, so‘z va iboralar joy-joyida, ishonarli va o‘qishli.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 268






Все о погоде - Pogoda.uz