Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2017 00:03 Chop etish versiyasi

Tashrif yakunlariga bag‘ishlandi

Xalqaro press-klubning navbatdagi tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi tafsilotlari va natijalari haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 18-20-sentabr kunlari AQShga tashrifi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi O‘zbekiston hayotida muhim tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Yaxshi nutqni ifodalash uchun shunday ibora ishlatiladi: so‘z uchun makon tor, fikr uchun keng, deyildi anjumanda. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi chiqishi ham aynan shunday bo‘ldi. Davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etgan mazkur sammitda jahon hamjamiyatiga daxldor dolzarb masalalar haqida so‘z yuritildi.

Prezidentimizning nutqi dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, BMTning rolini yanada oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni o‘zida mujassam etgani bois davlat rahbarlari, xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslarda katta qiziqish uyg‘otdi. Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyilga asoslangani, jamiyatimizda tobora oshib borayotgan faollik nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa mintaqalardagi davlatlar bilan ham amaliy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida O‘zbekistonda demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyo mamlakatlarida xavfsizlikni va izchil taraqqiyotni ta’minlash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi, umumjahon miqyosida, BMT darajasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha O‘zbekistonning taklif va tashabbuslarini bayon qildi.

Shavkat Mirziyoyevning ushbu takliflari g‘oyat dolzarb bo‘lib, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekistonni kelgusi besh yilda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalarning izchil taraqqiyot ettirilayotgani, 2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqaniga yaqqol dalil sifatida e’tirof etildi. Ko‘pgina mutaxassislar yakdil fikr bildirganidek, bu tashabbuslar O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida muhim islohotlar amalga oshirilayotganini anglatadi va boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lishga arziydi.

Anjumanda Prezidentimiz tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotlarning ahamiyati, ularda erishilgan kelishuvlar haqida ham fikr yuritildi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
921






Все о погоде - Pogoda.uz