O‘zA O`zbek

09.08.2018 11:00 Chop etish versiyasi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zAga bildirgan e’tirozi asoslimi?..

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zAga bildirgan e’tirozi asoslimi?..
Xorijdagi yurtdoshlarimiz huquqi himoya qilingan: konstruktiv tanqidmi yoki yuzaki yondashuv?

(javob xati asl holicha e’lon qilinmoqda)

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi portalida “Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga ishga jo‘natgan yurtdoshlarimiz huquqini nega himoya qilmadi?” (16.07.2018) nomli maqola e’lon qilingandan so‘ng, yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan maxsus ishchi komissiyasi tuzildi hamda holat yuzasidan tekshiruv ishlari o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2017 yilning iyul oyida 44 nafar fuqaro (maqolada keltirilganidek 62 nafar emas) haqiqatan Rossiya Federatsiyasining Barnaul shahridagi “BTK grupp” korxonasiga tikuvchilik sohasi bo‘yicha ishga yuborilgan. 

Maqolada Agentlik yordami bilan 2017 yilning iyul oyida Barnaulga ishga borgan fuqarolar – Odina Bakirova (Namangan viloyati, Norin tumani), Oltinoy Karimova (Andijon viloyati, Andijon tumani, “To‘qqizbog‘” MFY, Hakan qishlog‘i) hamda Siroj Jo‘raqulov (Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, Hamid Olimjon MFY, Toqichilik qishlog‘i)ning o‘z holiga tashlab qo‘yilgani va mehnat huquqlari poymol etilgani ta’kidlangan. Maxsus ishchi komissiyasi maqolada keltirilgan ushbu holatga taalluqli dalillar va manbalarni tekshirib, quyidagilarni aniqladi:

1. Maqolada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi ishga jalb qilish bo‘yicha tarqalgan e’londa talabgorlarning temir yo‘l chiptalarini imtiyozli narxlarda sotib olishi ko‘rsatilgani, shunga qaramay, fuqaro O.Bakirova temir yo‘l chiptasini to‘liq narxda sotib olgani aytilgan. Biroq mehnat migrantlari uchun temir yo‘l chiptalarini imtiyozli narxlarda sotib olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi qaroriga binoan qabul qilinib, imtiyozlar 2018 yilning 1 aprelidan tatbiq etib kelinmoqda. Demak, fuqaro O.Bakirova temir yo‘l chiptasini sotib olgan paytda, ya’ni 2017 yilning iyul oyida Rossiyaga ishga ketuvchi fuqarolarga qarorda belgilangan imtiyozlar qo‘llanilmagan. 

2. Fuqarolar O.Bakirova, O.Karimova hamda S.Jo‘raqulov Barnaulda o‘zlari uchun berilgan turar joylarning belgilangan talablar va sharoitlarga javob bermaganligini, Agentlik tomonidan ularga hamroh qilib yuborilgan xodimning shu vaziyatni ko‘rib turib, biror chora-tadbir ko‘rmaganligini, aksincha, ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yganligini ta’kidlab o‘tishgan. Fuqarolarni O‘zbekistondan Barnaulga chindan ham Agentlik xodimi kuzatib borgan. Dastlabki vaqtda yashash sharoitlari qoniqarli bo‘lmagani rost, biroq bu haqida Agentlik tomonidan ish beruvchiga e’tiroz bildirilgan. Shunga muvofiq, ish beruvchi tomonidan 10 kun muddatda yashash joylari ta’mirlanib, talab darajasiga keltirilgan.

Bu holatni tekshirish uchun 2017 yilning avgust oyida Agentlik rahbari va mutaxassislari ishtirokidagi komissiya Barnaul shahrida bo‘lib, ish beruvchi va korxonada ishlayotgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazgan. Ularning mehnat, yashash va ovqatlanish sharoitlari ko‘zdan kechirilgan va fuqarolar tomonidan bu borada muammolar yo‘qligi bildirilgan.

Biroq kuz kelib, yog‘ingarchilik mavsumi boshlangandan so‘ng, yotoqxonaning ayrim joylarida chakki o‘tish holatlari kuzatilib, bu xususida fuqarolar tomonidan Agentlikka ma’lum qilingan. Shundan so‘ng, 2017 yilning sentyabr oyida Agentlik xodimlari yana Barnaul shahriga xizmat safari bilan borishib, korxonaga muammoni bartaraf etish yuzasidan murojaat qilishgan va fuqarolarning yotoqxonalari almashtirilib, yashash sharoitlari yaxshilangan. 

Bundan tashqari, Agentlik orqali Barnaul shahriga tikuvchilik sohasi bo‘yicha ishga yuborilgan Oltinoy Karimova bilan 2018 yil 17 iyulda uchrashib, suhbatlashilganda O.Karimova Barnauldagi mehnat sharoitlari to‘g‘ri kelmaganligi, jamoa o‘rtasida boshqa ishlovchilar bilan chiqisha olmaganligi uchun bir oydan keyin Moskva shahridagi otasining yoniga ishga ketib qolganligini va 2018 yil yanvar oyida O‘zbekistonga qaytib kelganligini, agarda yana ish o‘rinlari bo‘lsa, Agentlik orqali Moskva shahriga ishga bormoqchi ekanligini ma’lum qildi.

3. Maqolada fuqarolarning shartnomada ko‘rsatilgan 11 soatlik ish vaqtidan ortiq mehnat qilgani, belgilangandan ko‘ra ko‘proq norma talab etilgani va eng asosiysi, ish haqlari shartnomada ko‘rsatilganidek to‘lanmagani fuqarolar tilidan qayd etilgan. Avvalo, maqolada shartnomaning boshqa bandida ko‘rsatilgan muhim jihat, ya’ni qat’iy o‘n bir soatlik ish kuni belgilangan bo‘lsa-da, ulardan ikki kun ishlab, ikki kun dam olish tartibi e’tibordan chetda qoldirilgan, vaholanki, bu mehnat qonunchiligi me’yorlariga zid emas. Ikkinchidan, agentlik orqali tikuvchilik sohasi bo‘yicha Barnaul shahriga yuborilgan 44 nafar fuqaroga ish haqi ish beruvchi tomonidan taqdim etilgan talabnoma asosida bajarilgan ishga qarab ishbay to‘lanishi belgilangan. Barnaulda tikuvchilik sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda 800-1000 AQSH dollari ish haqi sifatida emas, balki bajarilgan ish miqdoriga qarab 20000 – 40000 rublni (taxminan 350-650 AQSH dollari) tashkil etishi ta’kidlangan va bu Agentlikning migration.uz saytida berilgan e’londa ham ko‘rsatilgan.

Agentlik tomonidan 2018 yil Barnauldagi tikuvchilik korxonasidan fuqarolarning ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar olinganda, ular bajargan ish miqdoriga qarab 53 ming rublgacha, o‘rtacha 35 ming rubl, yetarli ish hajmini bajarmagan fuqarolar esa 26 ming rubl atrofida ish haqi olishgan. 

Hozirgi vaqtda “BTK grup” korxonasida bir yillik shartnoma muddati tugagandan keyin ham 18 nafardan ortiq fuqaromiz shartnoma muddatlarini uzaytirib, ishini davom ettirmoqda va o‘rtacha 40 ming rubl (660 AQSH dollari) oylik ish haqi olishmoqda.

Xususan, Agentlik orqali Barnaulga ishga yuborilgan va bugungi kunda ham mehnat faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirib kelayotgan fuqaro Aziz Rahmonov (Jizzax viloyati) bilan 2018 yilning 17 iyul kuni telefon orqali suhbatlashilganda, ushbu ma’lumot tasdiqlandi. Qolaversa, A.Rahmonov ishlash sharoiti yaxshiligini va qulay sharoitga ega yotoqxonada yashayotganligini ta’kidlab, bu borada ko‘rsatgan yordami uchun Agentlikka samimiy minnatdorchilik bildirdi.

4. Maqolada fuqaro S.Jo‘raqulov o‘ziga nisbatan ortiqcha normalar qo‘yilgani hamda qirq ikki kun ishlagandan so‘ng, turli bahonalar bilan faqatgina 7000 rubl berilganini aytib o‘tgan. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, S.Jo‘raqulov iqtisodiyot kollejini tugatgani bois, “BTK grup” korxonasida tayyorlanadigan maxsus harbiy kiyimlarni tikish bo‘yicha yetarli darajada kasb malakasiga ega bo‘lmagan va shu sabab kam ish bajargan. Yuqorida ta’kidlanganidek, ish haqi ishbay to‘langani bois S.Jo‘raqulov kam maosh olgan. Bundan tashqari, fuqaro S.Jo‘raqulov belgilangan mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi uchun u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

5. Shuningdek, maxsus ishchi komissiyasi tomonidan maqolada keltirilgan ba’zi dalillarning asossiz ekanligi ham aniqlandi. Masalan, mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha Namangan viloyatining Norin tumanida Respublika ishchi guruhi faoliyat olib borib, tumanda 106 ming nafar mehnatga layoqatli aholi borligi, hisobotlarda ulardan 4377 nafari ishsiz deb ko‘rsatilgani, qaysi xonadonga kirilmasin, ikki yoki uch nafar ishsizga duch kelingani qayd etilgan. Biroq keltirilgan ma’lumotlar hozirgi kunda rasmiy emas. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Ilmiy markazi tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Norin tumanida mehnatga layoqatli aholi soni 90,1 ming, iqtisodiy faol aholi soni 60,7 ming, ishsizlar soni esa 6,4 mingni tashkil etmoqda (iqtisodiy faol aholiga nisbatan 10,5 foizni).

Prezidentimizning 2018 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3839-sonli qarori bilan joylarda fuqarolarning kasb mahoratlarini baholovchi hamda xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni kasbga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha markazlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z faoliyatiga doir konstruktiv tanqidiy ma’lumotlarni xolis qabul qiladi va kelgusida asosli tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik 
va mehnat munosabatlari vazirligi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zAga bildirgan e’tirozi asoslimi?..

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shu yilning 16 iyul kuni uza.uz rasmiy saytida e’lon qilingan “Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga ishga jo‘natgan yurtdoshlarimiz huquqini nega himoya qilmadi?” sarlavhali maqola yuzasidan “XORIJDAGI YURTDOSHLARIMIZ HUQUQI HIMOYA QILINGAN: KONSTRUKTIV TANQIDMI YOKI YUZAKI YONDASHUV?” sarlavhasi ostida javob xati yo‘lladi. Unda yozilishicha “maqola e’lon qilinganidan so‘ng, yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan maxsus ishchi komissiyasi tuzildi hamda holat yuzasidan tekshiruv ishlari o‘tkazildi”.

Xatda raqamlangan 5 banddan iborat bitikda maqolada keltirilgan faktlarni inkor etishga harakat qilingan. Biroq haqiqat shuki, biz bilan suhbatda bo‘lgan Odina Bakirova (Namangan viloyati, Norin tumani), Oltinoy Karimova (Andijon viloyati, Andijon tumani) hamda Siroj Jo‘raqulov (Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani) ularga Rossiyaga ketishdan avval Toshkentda ko‘rsatilgan video tasvirlardagi shart-sharoitlar amalda yolg‘on bo‘lib chiqqanini aytishgan. Buni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z javob xatida ham tan olgan: “Dastlabki vaqtda yashash sharoitlari qoniqarli bo‘lmagani rost, biroq bu haqida Agentlik tomonidan ish beruvchiga e’tiroz bildirilgan. Shunga muvofiq, ish beruvchi tomonidan 10 kun muddatda yashash joylari ta’mirlanib, talab darajasiga keltirilgan”.

Vazirlikning javob xatidan so‘ng yana Oltinoy Karimova, Siroj Jo‘raqulov bilan telefon orqali bog‘landik. Odina Bakirova ayni paytda shifoxonada davolanayotgani bois u bilan gaplashish imkoni bo‘lmadi.

– Maqola e’lon qilingach, Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasida ishlaydigan Murodjon, Ulug‘bek ismli yigitlar bilan gaplashdim. Ularga ham bo‘lib o‘tgan voqealarni qanday bo‘lsa, shundayligicha aytib berdim, – deydi Oltinoy Karimova. – Rossiya Federatsiyasining Barnaul shahridagi “BTK grup” korxonasiga tikuvchilik sohasi bo‘yicha 60 nafar kishi ishga jo‘natilgan. Biz bilan 45 kishi borgan edi. Keyinchalik yana 15 kishi safimizga qo‘shildi. Ular ham biz turgan o‘sha binoga joylashdi. Hammamiz bir vaqtda ish boshlaganmiz. Barnaul shahriga 2017 yilning 17 iyul kuni yetib borgan bo‘lsak Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari oradan 20 kun o‘tganidan keyin - 3 avgust kuni vaziyatni o‘rganish uchun kelishdi. Yashash joyimizni o‘zimiz remont qilib, sharoitni o‘zimiz yaratib oldik.

Vazirlikning javob xatida “Maqolada shartnomaning boshqa bandida ko‘rsatilgan muhim jihat, ya’ni qat’iy o‘n bir soatlik ish kuni belgilangan bo‘lsa-da, ulardan ikki kun ishlab, ikki kun dam olish tartibi e’tibordan chetda qoldirilgan, vaholanki, bu mehnat qonunchiligi me’yorlariga zid emas” degan tushunarsizroq jumla mavjud.

– Rostdan ham shartnomada o‘n bir soatlik ish kuni ko‘rsatilgan biroq biz soat 7.00 dan 23.00 gacha ishladik. Shanba-yakshanba kunlari ham dam olganimiz yo‘q, bu yerda qanday “ikki kun ishlab, ikki kun dam olish tartibi” nazarda tutilganini tushunmadim, – deydi O.Karimova.

Безымянный.jpg

“Maqolada fuqaro S.Jo‘raqulov o‘ziga nisbatan ortiqcha normalar qo‘yilgani hamda qirq ikki kun ishlagandan so‘ng, turli bahonalar bilan faqatgina 7000 rubl berilganini aytib o‘tgan. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, S.Jo‘raqulov iqtisodiyot kollejini tugatgani bois, “BTK grup” korxonasida tayyorlanadigan maxsus harbiy kiyimlarni tikish bo‘yicha yetarli darajada kasb malakasiga ega bo‘lmagan va shu sabab kam ish bajargan. Yuqorida ta’kidlanganidek, ish haqi ishbay to‘langani bois S.Jo‘raqulov kam maosh olgan. Bundan tashqari, fuqaro S.Jo‘raqulov belgilangan mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi uchun u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan”, deyiladi vazirlikning javob xatida. Ushbu e’tirozlar yuzasidan Siroj Jo‘raqulovning fikrini bilmoqchi bo‘ldik.

– Biz bilan birga jo‘natilganlar orasida rostdan ham yetarli darajada kasb malakasiga ega bo‘lmaganlar bor edi. Ammo biz imtihondan o‘tganmiz, kasb malakamiz qanday ekanini ular yaxshi bilishar edi, – deydi S.Jo‘raqulov. – Menga o‘xshagan yoshlarni ish o‘rganish, mahoratini oshirish, kelajakda mamlakatimizda ochiladigan ana shunday korxonalarda mehnat qilishimiz uchun jo‘natishayotganini aytishgan bizga. Men belgilangan normani har doim bajarganman. Nima qilib “mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzganimni” haligacha tushunmayman. Hech kim buni tushuntirmagan ham. Agar biror aybim bo‘lsa, menga ham bildirishsa, yaxshi bo‘lar edi.

Xullas, chuvalatsa gap ko‘payaveradi. Ammo bizga murojaat qilganlar kimnidir ayblash fikridan yiroq. Yo‘qsa, bir yil davomida bu ishni qilgan bo‘lishar edi. Ular qaytganimizdan keyin ham hech kim bizdan hol-ahvol so‘ramadi, qarzga botib ketgan edik, qarz olib qaytib keldik, ba’zilarimiz sog‘lig‘imizdan ayrildik, shuni bilib qo‘yinglar, deyishdi xolos. 


O‘zA
2 984