O‘zA O`zbek

05.09.2018 20:30 Chop etish versiyasi

Tashqi bozorda ham xaridorgir mahsulot

Tashqi bozorda ham xaridorgir mahsulot Tikuvchilik yoʻnalishida, xususan, kostyum ishlab chiqarishda mamlakatimizda namanganlik tadbirkorlar peshqadamlar qatorida desak, xato boʻlmaydi.

Namangan viloyatidagi “Istiqlol dizayn markazi”, “Iftixor kiyim sanoat”, “Zamin Lyuks Tekstil”, “Tekstil libos”, “Lyuks plyus servis”, “Faxr Tekstil Savdo” kabi 40 dan ziyod korxonada ishlab chiqarilayotgan kostyumlar oʻzining yuqori sifati va xushbichimligi bilan xorijda ham allaqachon xaridorgir boʻlib ulgurgan.

Yaqinda ishga tushirilgan “Sugʻdiyona fayz tekstil” MCHJ ana shukatta raqobat maydoniga dadil kirib kelmoqda.

Namangan shahrida faoliyat boshlagan “Orzu” kichik sanoat zonasida Mustaqillik bayrami arafasida turli yoʻnalishdagi oʻnlab tadbirkorlik subyektlari ishga tushirildi. Xususan, “Sugʻdiyona fayz tekstil” ham tadbirkor Muxtorjon Dadaboyevning kichik sanoat zonasi loyihasi doirasida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanishi samarasida barpo etilgan istiqbolli korxonalardan biridir.

Kostyum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonani tashkil etish uchun tadbirkor oʻz mablagʻi hisobidan 3 milliard 500 million soʻm sarmoya sarfladi. Shundan 1 milliard 500 million soʻmi 0,2 gektar maydonda amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlariga yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2 milliard soʻmga xorijdan zamonaviy tikish, bichish, qoliplash, dazmol bosish kabi zarur ilgʻor tikuvchilik dastgohlari jamlanmasi keltirildi.

150 yangi ish oʻrni yaratilgan korxonada “Imibrand” savdo yorligʻi ostida ishlab chiqariladigan kostyumlarga hozirdan tashqi bozor, jumladan, Qirgʻiziston va Qozogʻiston davlatlaridan xaridorlar katta qiziqish bildirmoqda.

– Qozogʻistonlik tadbirkorlar bilan 120 ming dollarlik eksport shartnomasi tuzish boʻyicha kelishuvga erishdik, – deydi korxona rahbari M.Dadaboyev. – Kelgusida eksport geografiyasini yanada kengaytirish va mahsulotning asosiy qismini tashqi bozorga chiqarishni rejalashtirganmiz.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA
1 677