Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 17:32 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati sarhisob qilindi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi o‘rinbosari M.Umarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida fuqarolarni, ayniqsa, yosh avlodni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, harbiy ta’limni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Hozirgi kunda tashkilot tizimidagi 24 o‘quv muassasasi tomonidan Qurolli Kuchlarimizga o‘n uch turda harbiy-texnik mutaxassis tayyorlanmokda. "Vatanparvar" maktabida yoshlar ma’lum bir mutaxassislikni egallashi bilan bir qatorda, harbiy xizmatning dastlabki ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi. Shu bilan birga, safda yurish qoidalari, qurol bilan ishlash, harbiy tartib va buyruqlarni bajarish, sportning texnik va amaliy turlaridan saboqlar oladi.

Tashkilot tomonidan karting, avtokross, avtoralli, avtomobil xalqa poygalari, avtomobil ko‘pkurashi, motokross, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, o‘q otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel sporti, telefon hamda telegraf orqali radioaloqa, boshqa texnik va amaliy sport turlari ommalashtirilmoqda. Bundan tashqari, tashkilot tizimidagi 200 dan ortiq o‘quv muassasa va o‘quv sport texnika klublarida avtotransport vositalari haydovchisi, traktorchi, radiotelegrafist kabi turli kasblarni egallash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Matbuot anjumanida "Vatanparvar" tashkiloti faoliyatini takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada yaxshilashga doir masalalar xususida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkilot veb-saytining yangi loyihasi tayyorlangani qayd etildi.

– "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarini so‘zsiz bajarish maqsadida tashkilotimiz markaziy kengashi raisining virtual qabulxonasi ochildi, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i T.Arslonov. – Virtual qabulxonaga yuborilgan xabarlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, rasmiy qog‘oz ko‘rinishidagi xat-xabarlar bilan teng ravishda ko‘rib chiqilmoqda.

Anjumanda joriy yilda tashkilot tomonidan mamlakatimizda sportning texnik va amaliy turlarini yanada ommalashtirish, yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘nga yaqin yangi loyiha va sport musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilganligi haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 239






Все о погоде - Pogoda.uz