O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 21:11 Chop etish versiyasi

Tashabbuskor ishbilarmonlar tanlovi

Tashabbuskor ishbilarmonlar tanlovi Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus-2018” koʻrik-tanlovining shahar va tuman bosqichlari boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 avgustdagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilayotgan tanlovda tadbirkor, fermer va hunarmandlar “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishlarida oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va xizmatlarni namoyish etayotir.

Denov tumanida oʻtkazilgan tadbirda 40 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi. Hayʼat aʼzolari belgilangan shartlar asosida ularning ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish salohiyati, iqtisodiy holati va boshqa mezonlari bilan yaqindan tanishib, xolisona baholadi.

Tegishli yoʻnalishlar boʻyicha birinchi oʻringa sazovor boʻlgan tadbirkor, fermer va hunarmandlar tanlovning 14-15 noyabr kunlari Termiz shahrida oʻtkaziladigan viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

– Izlanishlarim birinchi oʻringa munosib koʻrilganidan behad xursandman, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishi gʻolibi Sayohat Umarova. – Bu eʼtibor va eʼtirof, biz – hunarmandlarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar meni yanada koʻproq mehnat qilish, izlanish va yangilik yaratishga undaydi. Viloyat bosqichida ham sovrinli oʻrinni egallashga harakat qilaman.

Koʻrik-tanlov yakunida qator qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlanib, tadbir tashkilotchilarining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat) OʻzA