O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 20:20 Chop etish versiyasi

“Tashabbus – 2018”da gʻoliblar koʻp boʻladi

“Tashabbus – 2018”da gʻoliblar koʻp boʻladi Samarqand viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar oʻrtasida “Tashabbus” respublika koʻrik-tanlovining tuman, shahar bosqichi boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 avgustdagi farmoyishiga koʻra, joriy yilda “Tashabbus – 2018” koʻrik-tanlovining tuman (shahar) bosqichi 27 avgustdan 28 sentyabrga qadar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari 5-25 oktyabr kunlari, mamlakat bosqichi esa 14-16 noyabr kunlari oʻtkaziladi.

– Bu yil tanlov gʻoliblarini aniqlashda ham bir qator oʻzgarishlar bor, – deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Sherali Yoʻldoshev. – Shu paytga qadarishtirokchilar uch asosiy – “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” va “Yilning eng yaxshi fermeri”, shuningdek,qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha ragʻbatlantirilar edi. Endilikda “Eng yaxshi tadbirkor” nominatsiyasining oʻzida uch yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi. Yaʼni, sanoat sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, xizmat koʻrsatish sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” va “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” eʼtirof etiladi. “Yilning eng yaxshi fermeri” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalari avvalgi tartib boʻyicha davom etadi. Mazkur besh asosiy nominatsiya boʻyicha mamlakat bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovgʻasi – “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlanadi.

“Tashabbus – 2018”ning Samarqand viloyatidagi bu yilgi tuman (shahar) bosqichiPastdargʻom tumanidan boshlandi. Juma shahridagi istirohat bogʻida oʻtkazilgan tanlovda tumanda faoliyat koʻrsatayotgan 80 nafardan ortiq tadbirkor, fermer va hunarmand oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, “Maroqand kabel invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Oʻlmas Allayorov sanoat sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” deb topildi. “Umidjon farm” korxonasi boshligʻi Hilola Farmonova xizmat koʻrsatish sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” boʻldi. Yosh tadbirkor Anvar Koʻchimov esa “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” sifatida eʼtirof etildi.

“Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyasida gʻoliblik tumandagi “Dilafruz” fermer xoʻjaligi yetakchisi M.Dangalovga nasib etdi. Pastdargʻomlik hunarmandlar orasida Turgʻun Toshbekov eng mahoratli deb topilib, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi gʻolibi sifatida eʼlon qilindi.

Gʻoliblar joriy yilning 17 oktyabr kuni oʻtkazilishi belgilangan koʻrik-tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etadi.

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov(surat) OʻzA