O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

“Tarovat“ni o‘qing

“Tarovat“ni o‘qing

“Mashhur-pressʼʼ nashriyotida taniqli yozuvchi va publitsist Hakim Sattoriyning “Tarovat“ nomli kitobi chop etildi.

To‘plam ikki qismdan iborat. Undan adibning “Qumlarga bitilgan o‘chmas doston“, “Osmon minoralari“, “Muloqot: ko‘zguning ikki tarafi“, “Samimiyat daryosi“, “Keskin qayrilishlarning sokin talqini“, “Erkinlik faqiri“, “Xindona-xinduvona“ kabi turli yillarda matbuotda e’lon qilingan badiiy-publitsistik maqolalari va “Turgenev turtkisi“, “Ibratso‘z“ nomli esselari o‘rin olgan.

Kitobda muallifning bitganlari xoh bugungi o‘zgarishlar, xoh adabiyotlar do‘stligi yoki zamondoshlar faoliyatidan so‘zlamasin, o‘quvchini fikrlashga chorlaydi, kitobxonning tanish tuyg‘ulariga turtki beradi. Shuningdek, muallif har bir voqelikka faol fikri va o‘z ijtimoiy pozitsiyasi bilan peshvoz chiqadi.

Kitob adibning o‘zgacha iqrori bilan yakunlanadi. Quyida uni keltirib o‘tamiz:

“Men Navoiy tilida so‘z aytuvchi adabiyot muhibiman. Va har qanday milliy adabiyot uning tomirlari qanchalik teran va daholarga boy bo‘lmasin, umuminsoniyat erishgan badiiy yutuqlardan bahramand bo‘lmay, yuksak cho‘qqilarni zabt eta olmasligini tushunaman. O‘zimcha kashf etishga uringan adiblar Ivan Turgenev yoki Lev Tolstoy bizning buyuk bobolarimizni bilmagan yoki bilishni xohlamagan. Men esa ham Alisher Navoiyni o‘qib tushunaman, ham jahon adabiyoti durdonalarini o‘z mulkimdek qabul qila olaman. Mening o‘zligim shunda“.

“Tarovat“ O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Ijod“ jamoat fondi tashabbusi bilan “Adib va jamiyat“ rukni ostida chop etilgan.

935
O‘zA