O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Tarixiy yodgorliklar – o‘lmas meros

Tarixiy yodgorliklar – o‘lmas meros

Andijon viloyati Marhamat tumanida qadim yodgorliklar va tarixiy joylarni, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

“Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi, Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish departamenti viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tarixchilar, yozuvchi va shoirlar, madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi korxona, muassasalar vakillari, o‘lkashunoslar, yosh olimlar, ijodkor yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda yurtimizning tarixiy yodgorliklari va ziyoratgohlarini asrash, obodonlashtirish, ular haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha berish, ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 

– Viloyatdagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ana shu joylarda obodonlashtirish ishlari ko‘lamini kengaytirish, turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish muhim vazifadir, – deydi “Mingtepa madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Mazkur tadbir ayni shu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. 

Tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi “Xotira xiyoboni”da tashkil etilgan “Mingtepa” muzeyi faoliyati, muzeydagi yurtimizning ko‘p yillik tarixidan so‘zlovchi noyob eksponatlar bilan tanishdi. 

Shuningdek, tadbir doirasida “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Mingtepa tarixini o‘rganishda Mannop Egamberdievning “Sariq ajdar hamlasi” tarixiy romanining o‘rni” mavzusidagi tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Farg‘ona vodiysidagi tarixiy yodgorlik va joylar, Mingtepa yodgorligini targ‘ib etishga qaratilgan uchta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda 100 dan ziyod olim, ijodkor va talabalar o‘zlarining 150 dan ortiq ijodiy ishlari, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi. 

– Tanlovda Mingtepa yodgorligi haqidagi qator maqolalarim bilan g‘oliblar qatoridan joy oldim, – deydi fizika-matematika fanlari nomzodi Haydarali Oripov. – Tanlov yurtimizdagi, Farg‘ona vodiysidagi, xususan, Mingtepa tarixiy yodgorliklar haqida yurtdoshlarimizga keng ma’lumotlar olish imkonini berdi.

Yakunda barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

447
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA