Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 19:57 Chop etish versiyasi

Tarixiy murojaatnoma targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlarga Andijondagi 876 mahalla fuqarolar yig‘inlari to‘la qamrab olinadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Andijon viloyatida ham o‘tkazilmoqda.

Andijon davlat universitetida tashkil etilgan shunday tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi vakillari, professor-o‘qituvchilar, faol yoshlardan iborat targ‘ibot guruhlari rahbarlari va a’zolari ishtirok etdi.

– Targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Prezidentimiz Murojaatnomasidan kelib chiqadigan asosiy vazifalar haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha berish, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Andijon viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Abdullayev. – Tadbirlarga viloyatdagi 876 mahalla fuqarolar yig‘inlari to‘la qamrab olinadi.

Targ‘ibot tadbirlari doirasida Andijon shahrining “O‘zbegim” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan davra suhbatida Oxunboboyev nomidagi, “O‘rikzor”, “Iqbol”, “Madaniyat, “Maydonbozor”, “Bunyodkor”, “Yoyilma” singari 10 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ularning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, faollari qatnashdi.

– Jamiyatda mavjud muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahallaning o‘rni va roli nihoyatda katta, – deydi “O‘zbegim” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Inobatxon Matkarimova. – Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ham ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi tadbirda Murojaatnomadan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish, mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, fuqarolarning faolligini oshirish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan zarur bilim va tushunchalar oldik. Bu aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Targ‘ibot tadbirlari 10-yanvarga qadar davom etadi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 628