Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 17:19 Chop etish versiyasi

Tarixiy adolatning yana bir tantanasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-martdagi «Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini o‘qib...

1996-yil. Parij. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov va YuNESKOning o‘sha paytdagi Bosh direktori Federiko Mayor suhbatida minglab yulduzlar harakatini jamlagan mukammal astronomik jadval yaratgan buyuk vatandoshimiz Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi haqida gap ketadi. O‘shanda janob Mayor «Ulug‘bekning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari komputer yordamida tekshirib ko‘rilganda atigi bir necha daqiqaga farq qilishi aniqlandi», deydi. Islom Karimov unga javoban «yo‘q, janob Federiko Mayor, Ulug‘bek xato qilgan bo‘lishi mumkin emas, balki komputerlar xato qilgan bo‘lishi mumkin», deydi.

Garchi bu gap do‘stona lutf tariqasida aytilgan bo‘lsa-da, uning zamirida chuqur haqiqat mujassam. Haqiqat shuki, o‘z Vatani tarixini mukammal biladigan, ulug‘ ajdodlari nomini yuksak e’zozlaydigan davlat rahbarlari dunyoda kamdan-kam bo‘ladi. Boz ustiga tarixda bir siyosiy merosning, davlat va jamiyat qurilishi bo‘yicha strategik g‘oyalarning katta g‘ayrat-shijoat bilan munosib davom ettirilishi, islohotlarni yangi, yanada yuksak bosqichlarga olib chiqilishi ham o‘ziga xos fenomen, ya’ni o‘ta noyob hodisadir.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Islom Karimov ma’naviy tiklanish va yangilanish islohotlarini ulug‘ ajdodlarimizning muborak nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy siymosini tiklash asosiga qurgani bejiz emas. Chunki sobiq mustabid tuzum davrida tarixiy adolat buzilgan, asl tariximiz, ajdodlarimizning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan munosib hissasi ko‘rsatilmas edi. Shu bois xalqimizning g‘ururini tiklamasdan, odamlarni yangi marralarga ruhlantirmasdan va kelajakka ishontirmay islohotlarni amalga oshirish qiyin edi. Zotan, o‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-martdagi qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad al-Xorazmiy nomi berilgani ana shunday ulug‘ ishlar silsilasining yangi bosqichi, xalqimiz g‘ururini yanada yuksaltirish, ulug‘ alloma ajdodimiz nomini abadiylashtirish, uning buyuk va bebaho merosini keng o‘rganishda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Bugun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Universitetning Samarqand, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Nukus filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Universitet va uning filiallarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, komputer injiniringi, dasturiy injiniring, pochta aloqa texnologiyalari kabi o‘nlab ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘n mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Universitetga ulug‘ alloma vatandoshimiz nomi berilishi yosh avlodni Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosining munosib davomchilari etib tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev bu g‘oya va tashabbusni 2016-yil 11-noyabrda Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan edi. Davlatimiz rahbari «shu asosda ushbu universitetning obro‘-e’tiborini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida biz bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya bilan Xorazmiy bobomizning nomini, uning bebaho ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib qilish borasida yangi bir qadam qo‘ygan bo‘lardik», deb ta’kidlagandi.

O‘shanda Shavkat Mirziyoyev barchamizning e’tiborimizni dunyodagi mashhur “Bi-bi-si” kompaniyasi tayyorlagan kichkina hujjatli filmdagi bir fikrga qaratganini eslash o‘rinli. Unda Buyuk britaniyalik muxbir o‘zining mobil telefonini ko‘rsatib, “Men har safar shu telefondan foydalanganimda uning ichida mujassam bo‘lgan buyuk o‘zbek Muhammad Xorazmiy dahosiga ta’zim qilaman”, deydi.

Haqiqatan ham, bugun yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bajarilayotgan barcha hisoblash amallariga buyuk vatandoshimiz Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari asos bo‘lib xizmat qilayotgani hammamizga g‘urur-iftixor baxsh etadi. Milodiy 783-yilda Xorazmning madaniyat va ma’rifat markazlaridan biri – Xiva shahrida tavallud topgan, buyuk iqtidori, ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan tanilgan Muhammad al-Xorazmiy o‘z davrining qomusiy allomasi sifatida e’tirof etiladi. Uning ilm-fan taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari e’tiborga olinib, o‘sha davrda “Bayt ul-Hikma” – “Donishmandlar uyi” degan nom bilan mashhur bo‘lgan Ma’mun akademiyasiga rahbar etib tayinlanadi.

Muhammad al-Xorazmiy “nol” raqamini va o‘nlik sanoq tizimini, qutblar koordinatalarini birinchilardan bo‘lib asoslab bergan, amaliyotga tatbiq etgan. Algebra faniga va algoritmlashtirish nazariyasiga asos solgan. Bu yo‘nalishlarda fundamental ma’lumotlar, traktatlarni ilmiy bayon etish qoidalarini ishlab chiqqan. Shu bois Sharq olimlari orasida faqat Muhammad al-Xorazmiyning asarlari va nomi haqli ravishda ilmiy davralarda faol qo‘llanib kelinayotgan “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi. Prezidentimiz qaroriga ko‘ra 2018-yilda Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1235-yilligi mamlakatimizda keng nishonlanishi bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

“Oqqan daryo aslo to‘xtamas”, deydi xalqimiz. Buyuk allomalarimizning shonli an’analarini davom ettirayotgan, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmay kamol topayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib borayotgani – O‘zbekiston yoshlari buyuk bobokalonlariga munosib izdosh bo‘layotganining isboti.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda bu jihatga ham e’tibor qaratib, «O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti talabasi Hakimboy Egamberganov qatorasiga uch yil – 2014, 2015, 2016-yillarda matematika bo‘yicha Yevropa mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritib, Xorazmiy bobomizning haqiqiy nabirasi ekanini isbotlab berdi», deb ta’kidladi.

– O‘sha uchrashuvda Prezidentimizning Muhammad al-Xorazmiy nomini abadiylashtirish borasidagi takliflaridan bir quvongan bo‘lsak, bugun bu ulug‘ g‘oya amalga oshayotganidan yana bir karra g‘urur tuydik, – deydi Hakimboy Egamberganov. – Asli matematika, algebra Al-Xorazmiydan boshlanadi. Dunyo ilmida zamonaviy kibernetikaning fundamental tushunchasi – «algoritm» ham Al-Xorazmiy nomiga nisbat berilishi bejiz emas. U zot nainki o‘z davri, balki barcha zamonning eng buyuk matematigi. 2015-yili Bolgariyada o‘tgan xalqaro olimpiadada qiziq voqea bo‘lgan: matematikaning bir yo‘nalishi – kombinatorikaga oid masalani yechdik, mening yechimimga hakamlar dastlab nol ball qo‘ydi. Juda ajablandim. Chunki barchasini to‘g‘ri bajargandim. So‘ng apellatsiyaga berdik. Yakunda masalani shu vaqtga qadar fanda kam qo‘llanilgan yangi usulda to‘g‘ri yechganimni isbotlab berdim, oltin medal oldim. Shunda hakamlardan biri bepisandroq so‘radi: «Sen bola, o‘zi qayerdansan?» «O‘zbekistondan, Xorazmdan», dedim xotirjam. Shunda uning ko‘zlarida uzrxohlik ko‘rindi: «Al-Xorazmiy yurtidanmisan, bo‘ldi, boshqa savolim yo‘q».

Prezidentimizning mazkur qarorida nazarda tutilgan barcha tadbir mamlakatimizda iqtisodiyotning innovatsion taraqqiyotini ta’minlashda, ilm-fan va kadrlar tayyorlashning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim omildir. Zotan, mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi izchil mustahkamlanayotgani ertaga jahon iqtisodiyotida qanday vaziyat yuz bermasin, el-yurtimiz o‘z yo‘lidan og‘ishmay, yuksak taraqqiyot va farovonlik sari sobitqadam ildamlashida mustahkam asos bo‘ladi.

Umid Yoqubov, O‘zA
456






Все о погоде - Pogoda.uz