O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim!

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim!

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ana shu shior ostida badiiy-adabiy kecha tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot namoyondalari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lishi tilimizni ulug‘lash uchun munosib bayram, katta shodiyona. Shu bois davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

– Ona tiliga e’tibor millat taqdiri, mamlakat kelajagi uchun g‘amxo‘rlik degani, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibasi Zulfiya Mo‘minova. – Shu bois uni asrab-avaylash, boyitish, nufuzini yanada oshirish masalasiga bee’tibor qarab bo‘lmaydi.

Muloqotlar davomida mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda qadimiy va boy o‘zbek tilining qadr-qimmati, nufuzini kuchaytirish borasida muhim fikr-mulohazalar bildirildi.

Harbiy yoshlar va “Maqom” ansambli, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchieva, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri yetakchi solisti, “Nihol” mukofoti sovrindori Saida Mamadilievaning musiqiy chiqishlarida esa ona tilimiz jozibasi, sehri yana bir bor namoyon bo‘ldi. 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat 
markazi Axborot xizmati.

612
O‘zA