O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim

Ona tilim – oltin sandig‘im

O‘zbekiston Respublikasining istiqlolga intilishi, mustaqillikka erishish arafasidagi dastlabki dadil qadami o‘zbek tiliga Davlat tili maqomini berishdan boshlandi. Mustaqillik e’lon qilinmay turib, uzoq yillar davomida bo‘g‘ilib, qadrsizlanib kelayotgan milliy tilimizni saqlash, tiklash, asrash, yuksaltirish uchun huquqiy zamin yaratildi. Bu ham til erki, ozodligi, taraqqiyotining millat taqdiriga, milliy hurriyatga nihoyatda chambarchas bog‘liq ekanligini, millat va til taqdiri o‘zaro mustahkam rishta bilan payvand etilganligini namoyish etuvchi tarixiy haqiqatdir.

Bugun millat bilan birga yaralib, shonli tarixning barcha sokin va suronli davrlarini millat bilan hamnafas bosib o‘tib, millat dardu quvonchiga sherik bo‘lib kelayotgan, Vatan yanglig‘ bepoyon va muqaddas, ona kabi mo‘tabar va munis, jon kabi yaqin va aziz o‘zbek tilimizning maqomu martabasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019 yil 4 oktabr kuni qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori bilan yana bir karra yuksaldi, e’zoz topdi.

O‘zbek tilimiz “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir” deya ulug‘lanadi ushbu qarorda.

Darhaqiqat, o‘zbek tili bugungi kungacha ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyot yo‘lini mardonavor bosib kelmoqda. O‘rxun-Enasoy yodgorliklaridagi bitiklardan tortib hozirgi davrgacha yaratib kelinayotgan ilmiy, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy manbalar o‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish tendensiyalari, adabiy ifodasi, ma’no qatlamlari, lug‘at tarkibi to‘g‘risida atroflicha va asosli ma’lumotlar bera oladi.

Xalq og‘zaki ijodining nodir namunalaridan boshlab, qadimiy bitiktoshlardagi yodnomalar, Mahmud Zamaxshariy, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Furqat, Uvaysiy, Nodira, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi ijodkor-mutafakkirlar merosi bu boradagi salmoqli manbalar sirasiga kiradi. Shu bilan bir qatorda, keyingi avlod vakillari, XX-XXI asr ma’rifati, adabiyoti namoyondalari, tilshunos, adabiyotshunos allomalari ham o‘z badiiy, ijodiy, ilmiy faoliyati bilan o‘zbek tilining adabiy, ma’naviy-ma’rifiy boyishi va yuksalishiga, tobora sayqallanib kamol topishiga benazir hissa qo‘shib kelmoqda.

Biz ajdodlarimizning merosini, uzoq va yaqin o‘tmish hayot lavhalarini, davlatchiligimizning tarixiy asoslarini, milliy qadriyat va an’analarimizni ana shu milliy til vositasidagina yanada chuqurroq anglaymiz, o‘zlashtiramiz, mustahkamlaymiz, kelajak avlodga yetkazilishini ta’minlab bera olamiz. Shu boisdan ham o‘zbek tili o‘zbek xalqining “milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, buyuk qadriyat” sifatida yuksak maqomga ega.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ilmiy-texnik, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-mafkuraviy o‘zgarish va yuksalishlar, dunyoviy hamkorlik va aloqalar bevosita tilga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi: adabiy til lug‘at tarkibida, ma’no qatlamlarida eskirish, yangilanish jarayonlari kechadi, hattoki, tilning grammatik tabiatida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shu bois til hamisha tahriru tadqiqqa, e’tiboru e’zozga ehtiyoj sezadi, muntazam faollikda bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlashga, shu munosabat bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga qaratilgan respublika miqyosidagi amaliy harakat yuqoridagi jihatlarni to‘la qamrab olgani bilan dolzarb ahamiyatga egadir.

O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 30 yilligini tantanali o‘tkazishga bag‘ishlangan qaror bilan ushbu qutlug‘ shodiyonaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul tashkiliy qo‘mita tarkibi, ommaviy ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandiki, bularning barchasi ona Vatanimiz ravnaqi, uning jahon hamjamiyatidan mustahkam o‘rin egallashi yo‘lida olib borilayotgan jadal islohotlarning yana bir isbotidir. Zotan, til – millat ko‘zgusi, taqdiri, manfaati, davlatchilik ramzidir. Uni himoya qilish, asrab-avaylash, targ‘ibu tashviq etish, sayqallashtirish, barqarorlashtirish shu mamlakat har bir fuqarosi, shu millat vakillarining insoniy vazifasi, ma’naviy burchidir.

Butun dunyo tillari ichra o‘zbek tili o‘zining serma’no qirralari, ifoda injaliklari, adabiy qonuniyatlari bilan alohida viqor va joziba kasb etib, ilmu donish ahlini, ma’rifat peshvolarini maftun etib keladi. Bu barchamizga iftixor bag‘ishlaydi. Shunday bo‘lsa-da, biz bugun ayrim aholi va yoshlar o‘rtasida o‘z milliy davlat tilimizga bepisandlik munosabatlarini ham ko‘plab kuzatamizki, bunday holatlarning barchasi milliy til barqarorligi va yuksalishi yo‘lida zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan bir qancha muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

Davlat tilini tantanali nishonlashga qaratilgan qarorda “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusidagi xalqaro hamda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari o‘tkazilishining belgilanishi yuqoridagi masalalar yechimiga qaratilgan zaruriy ko‘rsatmalardir.

Shuningdek, yuqori intellektual salohiyatli, har tomonlama barkamol avlod tarbiyalash yo‘lida zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ham yurtimizda ilm-fan, madaniyat va san’at sohasi taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bilan bir qatorda milliy manfaatlarni, milliy qadriyatlarni himoya qilish yo‘lidagi da’vatkor amaliy harakatlar mahsulidir.

Xususan, Muhammad Rizo Ogahiy, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablari barkamol vatanparvarlarni, yuksak iqtidorli yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan ma’rifat maskanlari, til va adabiyotning yashnash va yuksalish o‘chog‘i sifatida qad ko‘targan ziyo mash’allaridir. Ularning har biri milliy tilimiz himoyachisi, targ‘ibot va tashviqot manbaidir.

Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga ham alohida e’tibor qaratildi, yuksak ehtirom ko‘rsatildi. “Davlat tili haqida”gi qonunning 30 yilligi tantanasi arafasida xalqimizning jon kabi aziz va bebaho qadriyati – o‘zbek tilining ma’naviy maqomi takomillashdi.

Biz Davlat tilining asosiy targ‘ibotchisi, himoyachisi bo‘lgan har bir yurtdoshimiz, millatdoshimizni o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘lida birlashishga, hamkor, hamfikr bo‘lishga chorlab qolamiz. Zero, kuch – birlikda, yuksalish – birlashishda, taraqqiyot – yakdillikda, ravnaq – hamkorlikda.

Feruza AZIMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi bo‘lim boshlig‘i

37 764
O‘zA