O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Targ‘ibot tadbirlari yorqin taassurotlar ostida o‘tmoqda

Targ‘ibot tadbirlari yorqin taassurotlar ostida o‘tmoqda

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida joriy yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bunda ayniqsa, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari muhim o‘rin tutmoqda. Targ‘ibot tadbirlarining taniqli xonandalar ishtirokida, shou tadbirlari, viktorina savol-javoblari orqali tashkillanayotgani partiyaning aholi ichiga yanada yaqinroq kirib borishida, xalq bilan hamnafas bo‘lib ish yuritishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunyodkorlikka yuz tutgan so‘lim viloyatning suyagi mehnatda qotgan, toshdan gul undiruvchi, o‘zining tadbirkorlari, usta dehqonlari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Oltiariq tumanida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida ko‘tarinki kayfiyat hukmronlik qildi.

Karnay-surnay sadolari ostida tumandagi maslakdoshlarimizni chaqiriqqa undash bilan boshlangan dastur tadbirkoru sportchilarning partiya haqidagi iliq fikrlarini bildirish va fuqarolarni ham partiyaning maqsad va vazifalarini qo‘llab-quvvatlashga da’vat etish bilan boshlandi.

Mana, yaqinda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon, ya’ni, parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkaziladi. Saylov arafasida siyosiy partiyalar o‘z saylovoldi dasturini ishlab chiqadi. Shu jumladan, OʻzLiDeP ham o‘z saylovoldi dasturini loyihasini ishlab chiqmoqda. Yaqindagina loyihalar muhokamasi tumanimizda ham o‘tkazildi. Unda bir qator takliflar ilgari surildi. Ayniqsa, partiya tomonidan xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish borasida aniq takliflar va manzilli dasturlar ilgari surilayotgani ayni muddao bo‘ldi. Boisi bu fuqarolarimizni yanada uzoq umr ko‘rishi hamda salomatliklarini mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi biz bilan suhbatda Oltiariq tuman Kengashi deputati Rasuljon Dehqonov.
Bag‘dod tumanida o‘tkazilgan “Har bir inson, oila farovonligi – faoliyatimiz mezoni!” shiori ostidagi targ‘ibot tadbiri ham taassurotlarga boy bo‘ldi.

Tadbirda so‘z olgan OʻzLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Nafisaxon Elchieva hamda OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi mas’ul xodimi Barnoxon Abdullaevalar partiya bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida ish olib borayotganini hamda saylovoldi dasturi ham shu asosda ishlab chiqilayotganini alohida ta’kidladilar.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Qilichbek Tojiev,To‘lqinjon Haydarov, Dilfuza Ismoilova hamda estrada xonandalari tomonidan kuylangan diltortar qo‘shiqlar yurtdoshlarimizga manzur bo‘ldi.

Tadbirlar doirasida partiyaning amalga oshirayotgan ishlari ham fuqarolarga yetkazilmoqda.

Shohsulton To‘xtamatov,
OʻzLiDeP Farg‘ona viloyati
Kengashi matbuot kotibi

1 986
O‘zA