O‘zA O`zbek

10.07.2018 19:07 Chop etish versiyasi

Tarbiyani kechiktirib ham, muddatini cho‘zib ham bo‘lmaydi

Tarbiyani kechiktirib ham, muddatini cho‘zib ham bo‘lmaydi Ertamiz egalari uchun mana shunday imkoniyat eshiklari yanada keng ochilayotgan bir paytda biz – pedagoglar, ota-onalar, umuman, keng jamoatchilik zimmamizdagi mas’uliyatni yana teran his qilishimiz zarur.

Prezidentimiz joriy yil 27 iyunda mamlakatimiz taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etuvchi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Bu tarixiy hujjatda zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni puxta egallagan, mamlakatimiz kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, qat’iy intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash izchil va barqaror taraqqiyotimizning eng muhim sharti ekani qayd etildi. Farmonda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oya va loyihalarini amalga oshirish hamda yana ko‘plab yo‘nalishlar uchun yetarli shart-sharoit yaratish, yengilliklar berishga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Ertamiz egalari uchun mana shunday imkoniyat eshiklari yanada keng ochilayotgan bir paytda biz – pedagoglar, ota-onalar, umuman, keng jamoatchilik zimmamizdagi mas’uliyatni yana teran his qilishimiz zarur. Zero, yaxshi tarbiya ko‘rgan, Vatan ravnaqi o‘z taqdiriga daxldor ekanini yurakdan his etgan avlodgina yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanadi.

Xalqimizda tarbiya eskirmaydi, tarbiya jins, millat tanlamaydi, tarbiya kutib turmaydi, degan hikmatli iboralar bor. Shu o‘rinda “Tarbiya tushunchasi o‘zi qachon paydo bo‘lgan?”,“Tarbiya o‘zi nima?” degan o‘rinli savollar tug‘iladi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida tarbiya so‘ziga bir necha izoh beriladi. Jumladan, “tarbiya” – arabcha so‘z bo‘lib, bolani boqish, ta’lim berish va voyaga yetkazish uchun qilinadigan mehnat va g‘amxo‘rlik, ish-hunar, odob-axloq o‘rgatish, umuman, kishining g‘oyaviy va ma’naviy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan ta’lim tizimi ekani qayd etiladi. Siyosiy tarbiya, maktab tarbiyasi, ana shunday ta’lim tizimlari natijasida singdirilgan xislat, fazilat, odob-axloq, parvarish, qarov, voyaga yetkazmoq, o‘stirmoq, ulg‘aytirmoq, ilm-hunar bermoq, odob-axloq o‘rgatmoq kabi ma’nolarni bildiradi.

Tarbiya jarayonini kechiktirib ham, sekinlashtirib ham, muddatini cho‘zib hambo‘lmaydi. “Bugun charchadim, farzandimning tarbiyasi bilan ertaga shug‘ullanaman”, “Bu yil uy quraman, o‘g‘il uylantiraman, dehqonchilik qilaman, kelasi yildan boshlab tarbiya bilan shug‘ullanaman” qabilida ish tutish mutlaqo noto‘g‘ridir. Tarbiyaning mevasi o‘sha zahoti sezilmaydi. Ushbu mashaqqatli mehnatning rohatini ko‘rish uchun vaqt talab etiladi.

Oila – birinchi tarbiya maskani. Bola, avvalo, oilada tarbiya topadi. Bolalar bog‘chasi, maktab, kollej, oliy o‘quv yurtida esa ana shu tarbiyaga shakl beriladi. Afsuski, oramizda bolasining qiziqishlari, orzu-o‘ylari, umuman, qanday ehtiyoji borligini bilmaydigan ota-onalar ham yo‘q emas.

Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bor. Ota uyga har kuni mast holda kelsa, nimani gapirayotganini o‘zi anglamasa, sigaret, nos cheksa, hali maktabda o‘qiyotgan qora ko‘zini do‘konga aroq olib kelish uchun yuborsa... Bu oilada bolaning tarbiyasi qanday bo‘ladi?

Pedagogikada “Oila tarbiyasi”, degan ibora bor. Oilada ota-ona bolasiga ibrat, namuna bo‘lishi shart. Bugun, afsuski, ayrim ota-onalar faqat o‘zini o‘ylashdan nariga o‘tmayotgani achinarlidir. Farzandlari taqdiri, tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi. Bolalarini keksa ota-onasi yoki biror qarindoshiga tashlab, qandaydir yumush – ko‘p pul topish bilan band bo‘ladi, ba’zan yillab o‘zga yurtlarga ishlashga ketadi. Farzandlar o‘z holicha tashlab qo‘yiladi...

Yaqinda nuroniy bir otaxon bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi: er-xotin maktabda o‘qiyotgan uch bola – ikki qiz, bir o‘g‘lini keksa onasiga qoldirib, chet elga ishlagani ketibdi. Yoshi ulug‘ onaxon bolalarga imkon qadar kam-ko‘stsiz tarbiya berishga, egnini but, qornini to‘q tutishga, jo‘natilgan mablag‘larni o‘rinli sarflashga harakat qiladi... Oradan to‘rt yil o‘tib,ota-ona o‘zicha “boy-badavlat” bo‘lib uyga qaytadi.

Bu orada farzandlar gapga kirmaydigan, ko‘chadan beri kelmaydigan, o‘g‘il sigaret chekadigan, spirtli ichimlik ichadigan bo‘lib qolgan edi. Qizining biri turmushga chiqmay, 17 yoshida farzandli bo‘ladi... So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman!

Farzand tarbiyasiga yetti mahalla sidqidildan kirishmas ekan, davlat tomonidan qaratilayotgan doimiy va alohida e’tibor ko‘ngildagidek samara bermaydi.

Bugun yoshlarga nihoyatda katta imtiyozlar yaratilayotganining qadriga yetmoq kerak. Harbiy xizmatni a’lo darajada o‘taganlarga oliy o‘quv yurtlariga kirishda imtiyoz beruvchi yo‘llanma taqdim etilayotgani katta imkoniyat emasmi? Imtiyozli yo‘llanma olgan yigit kontrakt-to‘lov asosida o‘qishga qabul qilinsa, to‘lov mablag‘ining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berilishi-chi? Fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar o‘qishga imtiyozli ravishda byudjet asosida qabul qilinmoqda. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” sport o‘yinlari g‘oliblariga ham oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga test sinovlarisiz kirish imkoniyati berilmoqda.

Darhaqiqat, beg‘ubor farzandlarimizni dunyoqarashi keng, bilimli, zukko va mehnatsevar qilib tarbiyalashimiz, ularning ongini bunyodkorlik g‘oyalari bilan boyitishimiz zarur. Ularning sport bilan shug‘ullanishi, fanlarni a’lo darajada o‘zlashtirishi uchun, avvalo, uyda zarur sharoit yaratishimiz lozim. Ko‘zimiz gavhari bo‘lgan bolalarimizning ko‘nglida nima borligini bilish, orzu-istaklari, o‘y-fikrlari bilan qiziqish burchimiz. O‘rtoqlari kim, bo‘sh vaqtida nimalar bilan mashg‘ulligini bilishimiz shart. Ota-onalik mas’uliyatini unutishga hech birimizning haqqimiz yo‘q.

Ravshanbek Mahmudov,
Guliston davlat universitetining yoshlar
bilan ishlash bo‘yicha prorektori,
falsafa fanlari nomzodi.

O‘zA
3 749