O‘zA O`zbek

01.08.2018 12:54 Chop etish versiyasi

Tarbiyada yo‘l qo‘yilayotgan xatoning boshlanishi qayerda?

Tarbiyada yo‘l qo‘yilayotgan xatoning boshlanishi qayerda?

JINOYAT HAQIQATI VA ADOLAT

Hayotda inson ba’zan o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan g‘oyat murakkab muammolarga duch keladi. Keskin vaziyatdan chiqishning iloji yo‘qdek tuyuladi. Qiyin paytda, ishda va hayotda, jamiyatda og‘ir savdolarga duch kelganda kim o‘zini, o‘z yo‘lini yo‘qotmasligi mumkin? O‘z kuchiga ishongan, ruhiy dunyosi, ma’naviy olami boy bo‘lgan odamgina bunday vaziyatdan yorug‘ yuz bilan chiqa oladi.

Bu ruhiy quvvat to‘g‘ri ta’lim-tarbiya asosida shakllanadi.

Ayni vaqtda yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning ma’naviy olamiga e’tibor qaratilib, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani kengashi, tuman ma’naviyat targ‘ibot markazi va ichki ishlar bo‘limi hamkorligida kechki kuzatuv-reydlari davomida voyaga yetmagan yoshlarning tunda ko‘chada, ko‘ngilochar joylarda yurishi yuzasidan 6 kompyuter o‘yinxonalari va 4 tungi klubda o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasida kollej va maktab o‘quvchilarining kompyuterxonalarda shafqatsiz ruhdagi o‘yinlar bilan mashg‘ul ekanligi aniqlandi. Ulardan biri Sharif Nazirov (ism-sharifi o‘zgartirilgan)dir. Uning oilasi, o‘qishi, yurish-turishi to‘liq o‘rganilgach, oilaviy muammolari borligi ma’lum bo‘ldi.

Nomukammal oila muhiti uning o‘z yo‘lidan adashib, foydali mehnatga bo‘y bermay yashashiga sabab bo‘layotgan edi. Ota-onasi ajrashgach, otani farzandi borligi qiziqtirmagan, ona esa go‘dak farzandini tashlab Rossiyaga ishlash uchun ketganicha, salkam o‘n besh yildan buyon daragi bo‘lmagan. Bola keksa buvisining qo‘lida qolgan. Hayotda o‘z o‘rnini topish, do‘stlari kabi to‘laqonli hayoti bo‘lishini istaydigan bu o‘smirni tushunadigan, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan, qo‘llab-quvvatlaydigani yo‘q.

– Uyga borishni xohlamayman, – deydi u. – Hech kim men bilan qiziqmaydi, ahvolimni so‘ramaydi. Uyda meni hech kim kutmaydi. Bu yerda o‘yin o‘ynab vaqt o‘tkazaman. Shu o‘zimga yoqadi.

Bu o‘smirga mutasaddi tashkilotlarning ko‘magi berildi. Unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi. Bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun kasb-hunar to‘garaklariga borishi ta’minlandi. Ammo yurtimizda Sharif kabi o‘z yo‘lini topolmayotgan o‘g‘il-qizlar, oilaning qadriga yetmayotgan, farzandlariga e’tibor bermayotgan ota-onalarning taqdiri nima bo‘ladi?

Mana muammoning, tarbiyada yo‘l qo‘yilayotgan xatoning boshlanishi qayerda. Farzand ko‘rib, uning taqdirini o‘ylamaydigan, taqdir hukmiga tashlab qo‘yib, faqat yashash dardi bilan yonadigan ota-onalarning xatosi bu. Natija esa bolalarimizning fe’l-atvorida salbiy og‘ish yuzaga keladi. Kelajagi ham mavhum.

Og‘uvchi xulq – kishining faoliyati, qilmishlarining turi odatiy, umume’tirof etilgan me’yorlardan farq qiladigan, jamiyat tomonidan qabul qilingan me’yorlarga mos kelmay, barqaror ravishda ularning ijtimoiy me’yorlaridan og‘ishida namoyon bo‘ladigan axloqdir.

Xulqiy me’yordan og‘uvchi, deb axloqiy jihatdan qarindosh-urug‘lari, yaqinlarining ko‘nglini og‘ritadigan, atrofdagilarga xavf tug‘diradigan shaxslarga aytiladi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bilimni ulug‘lab, insonni bilim bilan kamolga yetishtirish, tarbiya va bilim orqali uning xulqini tarbiyalash, unda ijobiy fazilatlarni shakllantirish mumkinligini aytadi. Uning bildirishicha, yaxshi xulq ham, yomon xulq ham tug‘ma va ijtimoiy muhit natijasida shakllanishini ta’kidlaydi.

Sotsiolog va psixologlarning fikricha, deviant xulqli, og‘ir tarbiyali, muammoli o‘smir-yoshlar bilan maktabning pedagog jamoasi, mahalla faollari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi, bolalar psixologlari ish olib borishi lozim. Bunday tarbiyaviy ishlar o‘z samarasini beradi, axloqiy og‘ishga moyil o‘g‘il-qizlarning kelgusi xatti-harakatlarini nazorat qilish imkoniyati tug‘iladi.

O‘smirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar huquq va axloq me’yorlarining buzilish holatlari o‘rganilganda, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, 13-17 yosh oralig‘idagi yoshlar xulqida o‘zgarishlar, jumladan, kattalarning e’tiborsizligi, ota-ona va o‘qituvchilar bilan o‘zaro kelishmaslik, muqaddam sudlangan shaxslarning salbiy ta’siriga tushish, spirtli ichimliklar, giyohvandlik balosi kabilar bilan bog‘liq bo‘lib chiqmokda.

– Oiladagi nosog‘lom muhit bolada qo‘pollik, odamovilik, yolg‘onchilik kabi salbiy xususiyatlarni uyg‘otadi, bunday bola o‘z xarakteri bilan barchaga va bariga “teskari” ish qilmoqchi, bo‘ysunmaslik, agressiya kabi tuyg‘ularni keskin ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, – deydi psixologiya fanlari doktori Dilbar Muhammedova. – Bu bilan u huquqbuzarlik, jinoyatlarga zamin yaratadi. Suitsid holatlari ham kelib chiqishi ehtimoli mavjud. Psixologik nuqtai nazardan bunday agressiv xulqni tuzatishda o‘g‘il-qizlarda o‘z-o‘zini hurmat qilish, o‘z “men”ini shakllantirish, atrofdagi odamlar, o‘z tengdoshlari bilan to‘g‘ri va samimiy muloqotni o‘rnatish kabilarga e’tibor qaratiladi. Bunday tuzatish ishlari izchil olib borilishi davomida sekin-asta nafaqat illatlarni tuzatish, balki butunlay yo‘qotib, shaxsni qayta tarbiyalash ham mumkin.

Mohir psixolog, pedagog o‘z mahorati bilan illatli xulq-atvor egasi bo‘lmish o‘smirlarni tarbiyalay oladi. Ammo bu jarayonda ota-ona, oilaning ahamiyati yuksak. Avvalo, bolada ayni illatlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Xalqimiz “Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal”, deydi.

B.Meliqulova, O‘zA
2 661