O‘zA O`zbek

25.08.2018 12:36 Chop etish versiyasi

Tarbiyachining oʻzi tarbiyalangan boʻlishi kerak

Tarbiyachining oʻzi tarbiyalangan boʻlishi kerak
Koʻpincha matbuotda yoshlarimiz odobsiz, betgachopar boʻlgani haqida yoziladi. Eng koʻp mavzu — transportda kattalarga joy bermay, oʻzini uxlayotganga solayotgan yoshlar haqida boʻladi.

Shu kabi maqolalarni oʻqiganimda, “biz yoshligimizda qariyalar soqov edi, endi yoshlar kar”, degan hikmatni eslayman. Yoshlarni hadeb tanqid qilavermay, oʻzimiz ularga ibrat boʻlishimiz kerak emasmi? Yoshlarni urishgandan koʻra, toʻgʻri maslahat bersak, samaraliroq boʻladi.

Gazetalarda yaxshilikni targʻib qiluvchi maqolalar koʻproq berilishi kerak. Chunki qandaydir fikrni shakllantirishda mana shu kabi maqolalarning oʻrni kattadir. Bir vaqtlar TVda “Otalar soʻzi…” boʻlardi. Mavzusi doim deyarli bir xil edi. Qishloqdan kelgan yigit shaharlik qizga uylanadi va amaldor boʻlib ketganidan soʻng onasini unutadi. Yoki boʻlmasa, oʻzaro urishib qolgan er-xotin farzandlarini Bolalar (hozir Mehribonlik uyi deyiladi) uyiga topshiradi. Yigʻlab tomosha qilardik. Keyin bilsam, mana shu kabi koʻrsatuv va maqolalar qishloqdagi onani unutsa boʻlar ekan, bolalarni Mehribonlik uyiga topshirsa, hech kim kulmas ekan, degan fikrlarning shakllanishiga sabab boʻlgan ekan. Bu ham boʻlsa,ong ostidagi ongning gʻolib chiqishidir.

Tanqid yozish oson, ammo ezgulik va yaxshilikni targʻib qiluvchi maqolalar yozish qiyin. Jurnalistlar “tanqidiy maqola yozdim, koʻrib qoʻyinglar”, deb koʻkrak kerganlaridan koʻra, yaxshilik va ezgulik urugʻini koʻpaytirishga xizmat qiladigan maqolalarni koʻproq yozishsa yaxshi boʻlardi. Hozircha bu kabi vazifani sanoqli jurnalistlargina bajarmoqda, xolos. Shaxsan men televideniyega keliniga shilqimlik qilgan qaynota mavzusini olib chiqilishini hazm qila olmadim.

Vafo, sadoqat haqida koʻplab sheʻrlar, dostonlar, qissalar, hikoyalar, romanlar yozilgan. Bundan keyin ham yoziladi. Shu kungacha ikkita hikoyani oʻzimcha ardoqlab kelaman. Yaqinda ular safiga uchinchi hikoya qoʻshildi. Hikoyalar katta boʻlgani bois ularning qisqacha mazmunini keltiraman:

Birinchisi. Bir savdogar safarda yurganida xotinining yuziga yara toshadi va xunuklashib qoladi. Bundan xabardor boʻlgan savdogar yurtiga qaytish chogʻida yiqilib koʻr boʻlib qoladi. Shu tariqa ular 50 yil birga yashaydilar. Kutilmaganda xotini vafot etadi. Dafn marosimidan keyin uyga qaytishayotganida koʻr savdogarni yetaklamoqchi boʻlgan odamga u oʻzi keta olishini aytadi. Maʻlum boʻlishicha, yillar davomida xotinining koʻnglini ranjitmaslik uchun oʻzini koʻr qilib koʻrsatgan ekan.

Ikkinchisi. Bir yigit qahvaxonada ofitsiantga qahva buyurtma beradi. Qahva olib kelinganda, shakar oʻrniga tuz soʻraydi. Atrofdagi qizlar oldida uyatga qolmaslik uchun shoʻr qahvani ichadi. Bu qoʻshni stolda oʻtirgan qizning eʻtiborini tortadi. Yigit oʻzini oqlash maqsadida dengiz boʻyida istiqomat qilishini, ona yurtini sogʻinganida shoʻr qahva ichib turishini aytadi. Orada muhabbat paydo boʻladi va yigit-qiz turmush qurishadi. 50 yil mobaynida xotin eriga ona yurtini eslatish maqsadida shoʻr qahva tayyorlab beradi. Er 50 yil tuzli qahva ichadi. Bir kuni er vafot etadi, uning yonidan xat chiqadi. Xatda aslida oʻshanda yanglishib, tuz soʻraganini, bolaligi hech qachon dengiz boʻyida oʻtmagani yozilgan edi. Maʻlum boʻlishicha, xotinini ranjitmaslik uchqun 50 yil tuzli qahva ichgan ekan.

Yaqinda gazetalardan birida “Sovgʻa” deb nomlangan kichik lavhani oʻqib qoldim. Uni toʻlaligicha keltiraman: “Oʻta kambagʻal bir kishi xotini bilan yolgʻiz yashardi. Bir kuni uzun sochlarga ega boʻlgan xotini undan toʻgʻnagʻichli yangi taroq olib berishini soʻraydi. U noqulay vaziyatda qoldi va ilojsiz “yoʻq”, deb javob berdi. Ertasiga bogʻichi uzilib, anchadan beri taqilmayotgan soatini sotib, xotini soʻragan taroqni olib berishga qaror qildi. Soat doʻkonida bogʻichsiz soat uchun ozroq pul berishdi. U uyga kelib qoʻlidagi taroqni xotiniga bermoqchi boʻlganida, xotinining kalta qilib kesilgan sochini koʻrib hayron qoladi. Ayol sochlarini sotib, erining qoʻl soati uchun yangi bogʻich olgan edi. Ikkisi bir-biriga koʻzlari yoshlanib termilib qolishdi”.

Hikoyalar haqiqatan ham ibratli.

Axir, qachonlardir arzimas sabab bilan xotinidan jahli chiqqan savdogarning “koʻzi ochilishi”, yigit esa “shoʻr qahva” ichishdan charchaganini aytib yuborishi mumkin edi-ku. Yoʻq, ular mard edi. Ular suyukli rafiqalarining koʻngliga ozor yetkazishni istashmagan. Chunki olijanob erlar uchun ayoliga boʻlgan sof muhabbati, ularning nozik qalbini ardoqlash har narsadan ustun boʻlgan. Bor boʻlsin, chin muhabbat! Yashasin, mard erkaklar!

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA
1 847