O‘zA O`zbek

22.08.2018 11:47 Chop etish versiyasi

Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak

Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak
Ko‘pincha matbuotda yoshlarimiz odobsiz, betgachopar bo‘lgani haqida yoziladi. Eng ko‘p mavzu – transportda kattalarga joy bermay o‘zini uxlayotganga solayotgan yoshlar haqida bo‘ladi. Shu kabi maqolalarni o‘qiganimda “bizning yoshligimizda qariyalar soqov edi, endi yoshlar kar” degan hikmatni eslayman. Yoshlarni hadeb tanqid qilavermay, o‘zimiz ularga ibrat bo‘lishimiz kerak emasmi? 

Yoshlarni urishgandan ko‘ra, to‘g‘ri maslahat bersak samaraliroq bo‘ladi. Gazetalarda yaxshilikni targ‘ib qiluvchi maqolalar ko‘proq berilishi kerak. Chunki, qandaydir fikrni shakllantirishda mana shu kabi maqolalarning o‘rni katta. Bir vaqtlar TVda “Otalar so‘zi…” bo‘lardi. Mavzusi doimo deyarli bir xil edi. Qishloqdan kelgan yigit shaharlik qizga uylanadi va amaldor bo‘lib ketganidan so‘ng onasini unutadi. Yoki bo‘lmasam o‘zaro urishib qolgan er-xotin farzandlarini Mehribonlik uyiga topshiradi. Yig‘lab tomosha qilardik. Keyin bilsam, mana shu kabi ko‘rsatuv va maqolalar qishloqdagi onani unutsa bo‘lar ekan, bolalarni Mehribonlik uyiga topshirsa hech kim kulmas ekan degan fikrlarning shakllanishiga sabab bo‘lgan ekan. Bu ham bo‘lsa ong ostidagi ongning g‘olib chiqishidir.

Tanqid yozish oson, ammo ezgulik va yaxshilikni targ‘ib qiluvchi maqolalar yozish qiyin ish. Jurnalistlar “tanqidiy maqola yozdim, ko‘rib qo‘yinglar” deb ko‘krak kerganlaridan ko‘ra, yaxshilik va ezgulik urug‘ini ko‘paytirishga xizmat qiladigan maqolalarni ko‘proq yozsa yaxshi bo‘lardi. Hozircha bu kabi vazifani sanoqli jurnalistlargina bajarmoqda, xolos. Shaxsan men televideniyega keliniga shilqimlik qilgan qaynota mavzusini olib chiqilishini hazm qila olmadim.

Vafo, sadoqat haqida ko‘plab she’rlar, dostonlar, qissalar, hikoyalar, romanlar yozilgan. Bundan keyin ham yoziladi. Shu kungacha ikkita hikoyani o‘zimcha ardoqlab kelaman. Yaqinda ular safiga uchinchi hikoya qo‘shildi. Hikoyalar katta bo‘lgani bois ularning qisqacha mazmunini keltiraman:

Birinchisi. Bir savdogar safarda yurganida xotinining yuziga yara toshadi va xunuklashib qoladi. Bundan xabardor bo‘lgan savdogar yurtiga qaytish chog‘ida yiqilib ko‘r bo‘lib qoladi. Shu tariqa ular 50 yil birga yashaydi. Kutilmaganda xotini vafot etadi. Dafn marosimidan keyin uyga qaytishayotganida ko‘r savdogarni yetaklamoqchi bo‘lgan odamga u o‘zi keta olishini aytadi. Ma’lum bo‘lishicha, yillar davomida xotinining ko‘nglini ranjitmaslik uchun o‘zini ko‘r qilib ko‘rsatgan ekan.

Ikkinchisi. Bir yigit qahvaxonada ofitsiantga qahva buyurtma beradi. Qahva olib kelinganda shakar o‘rniga tuz so‘raydi. Atrofdagi qizlar oldida uyatga qolmaslik uchun sho‘r qahvani ichadi. Bu qo‘shni stolda o‘tirgan qizning e’tiborini tortadi. Yigit o‘zini oqlash maqsadida dengiz bo‘yida istiqomat qilishini, yurtini sog‘inganida sho‘r qahva ichib turishini aytadi. Orada muhabbat paydo bo‘ladi va yigit-qiz turmush quradi. 50 yil mobaynida xotin eriga yurtini eslatish maqsadida sho‘r qahva tayyorlab beradi. Er 50 yil tuzli qahva ichadi. Bir kuni er vafot etadi, uning yonidan xat chiqadi. Xatda “aslida o‘shanda yanglishib, tuz so‘raganini, bolaligi hech qachon dengiz bo‘yida o‘tmagani” yozilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, xotinini ranjitmaslik uchun 50 yil tuzli qahva ichgan ekan.

Yaqinda gazetalardan birida “Sovg‘a” deb nomlangan kichik lavha o‘qib qoldim. Uni to‘laligicha keltiraman: “O‘ta kambag‘al bir kishi xotini bilan yolg‘iz yashardi. Bir kuni uzun sochlarga ega bo‘lgan xotini undan to‘g‘nag‘ichli yangi taroq olib berishini so‘raydi. U noqulay vaziyatda qoldi va ilojsiz “yo‘q” deb javob berdi. Ertasiga bog‘ichi uzilib, anchadan beri taqilmayotgan soatini sotib, xotini so‘ragan taroqni olib berishga qaror qildi. Soat do‘konida bog‘ichsiz soat uchun ozroq pul berishdi. U uyga kelib qo‘lidagi taroqni xotiniga bermoqchi bo‘lganida, xotinining kalta qilib kesilgan sochini ko‘rib hayron qoladi. Ayol sochlarini sotib, erining qo‘l soati uchun yangi bog‘ich olgan edi. Ikkisi bir-biriga ko‘zlari yoshlanib termulib qolishdi”.

Hikoyalar haqiqatan ham ibratli.

Axir, qachonlardir arzimas sabab bilan xotinidan jahli chiqqan savdogarning “ko‘zi ochilishi”, yigit esa “sho‘r qahva” ichishdan charchaganini aytib yuborishi mumkin edi-ku. Yo‘q, ular mard edi. Ular suyukli rafiqalarining ko‘ngliga ozor yetkazishni istashmagan. Chunki, oliyjanob erlar uchun ayoliga bo‘lgan sof muhabbati, ularning nozik qalbini ardoqlash har narsadan ustun bo‘lgan. Bor bo‘lsin chin muhabbat! Yashasin mard erkaklar!

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
2 532