O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:12 Chop etish versiyasi

Taraqqiyotning yangi va samarali formulasi

Taraqqiyotning yangi va samarali formulasi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror va yuqori surʻatda oʻsish tendensiyasini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, islohotlar natijasi va samarasi haqida biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin ZARIPOV OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:

– Prezidentimizning “...Biz mavjud rivojlanish surʻatlari bilan oʻz oldimizga qoʻygan yuksak maqsadlarga erisha olmaymiz. Bugun zamon oʻzgarmoqda, uning talabi, oldimizga qoʻyayotgan vazifalari tobora ortib bormoqda. Vaziyatni oʻzimiz, aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan oʻzgartirmasak, hech kim chetdan kelib, bu ishni biz uchun qilib bermaydi”, degan daʻvati bizni umrimizning har lahzasini sarhisob qilishga, yurt uchun nima qildim-u kelajak uchun qanday hissa qoʻsha olaman, degan savollarga javob izlashga undaydi.

Jahon iqtisodiyotida kechayotgan integratsiya jarayoni uning globallashuviga katta taʻsir koʻrsatmoqda. Bu, bir tomondan, qoʻshimcha qiymat yaratishning transmilliy “zanjiri"ni koʻzda tutgan holda, ikkinchi tomondan, ishlab chiqarish sohasida ham raqobatni kuchaytirmoqda.

Prezidentimizning integratsiyaga qaratayotgan eʻtiborini bugun Yevropaning rivojlangan davlatlari yuqori baholamoqda. Ayniqsa, yurtimizda fan-taʻlim tizimidagi integratsiyalashuv jarayoni katta anjumanlarda tan olinayapti. Oliy taʻlim muassasalari tizimida amalga oshirilgan yangiliklar, jumladan, nufuzli xorij universitetlarining mamlakatimizda filiallari tashkil etilayotgani ham quvonarlidir.

Agar iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, ular, avvalo, ilm-fanni rivojlantirishga eʻtibor qaratganining guvohi boʻlamiz. Taʻlim-fan va amaliyot integratsiyasi – taraqqiyotning birinchi asosiy shartidir. Malakali kadrlarni tayyorlash tizimida uning ahamiyatini hech narsa bilan solishtirib boʻlmaydi.

Integratsiyalarning kichik darajasi mamlakatlar iqtisodiyotida yangi xoʻjalik yuritish tizimini shakllantirish yoʻli hisoblanib, hamkorlikda mahsulot ishlab chiqaradigan va geografik yaqin boʻlgan korxona va tashkilotlarni oʻz ichiga olgan klasterlar yaratishdir.

Klasterlarni shakllantirishdan maqsad shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini va ular bilan yagona texnologik zanjirda boʻlgan xizmatlarni uygʻunlashtirish, innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish asosida raqobatbardosh tovarlar yaratishga yoʻnaltirishdan iboratdir. Bunda aholini ish bilan taʻminlashdek muhim jihat ham oʻzini namoyon etadi.

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sanoatida klaster tizimini joriy etish tashabbusi qishloq xoʻjaligini yaxlit tizim asosida rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu tizim asosida mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasida va akademiyada faoliyat yuritayotgan olimlar birlashadi. Zero, klaster orqali turli kasb egalari bir maqsad sari safarbar etilmoqda.

Shuningdek, bu tizim nafaqat yengil sanoatni, balki oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kabi oʻnlab tarmoqlarni ham qamrab oladi.

Bugun iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan samarali islohotlar amalga oshirilmoqda.

Milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi, xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklovsiz sotib olish va erkin sotish imkoniyatining yaratilishi natijasida davlatimizning oltin-valyuta zaxiralari sezilarli darajada oʻsdi.

Tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirildi.

Pirovardida Oʻzbekistonda qulay investitsiyaviy muhit yaratilib, chet ellik sarmoyadorlar huquqlarining qonuniy kafolati mustahkamlangani, ularga qoʻshimcha imtiyozlar berilayotgani ishbilarmon doiralar faoliyatini ragʻbatlantiruvchi omil boʻlmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning har bir ishni amalga oshirishda ishonch, dadillik bilan olgʻa qadam tashlashi xalqimizga katta umid bermoqda.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,OʻzA
1 726