Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 18:14 Chop etish versiyasi

Taraqqiyotimizning besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi. Unda yaqin besh yillikda mamlakatimiz zabt etishi nazarda tutilgan ulkan dovonlar, xalqimiz hayot darajasini yuksaltirishning mexanizmlari aniq belgilab berilgan.

Mazkur farmon bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi belgilab berildi. Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, mamlakatimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha Davlat dasturi qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Mazkur strategiya loyihasi keng xalq muhokamasidan o‘tkazilgani, turli soha vakillari bo‘lgan yurtdoshlarimiz uni takomillashtirishda faol ishtirok etgani uning har jihatdan puxta, hayotiy, eng muhimi, xalqimizning orzu-istaklariga monand bo‘lishiga zamin yaratdi. Jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1,3 mingdan ziyod taklif va mulohaza tushgani, ular asosida Davlat dasturining 41 bandi qayta ko‘rib chiqilgani fuqarolar yuksak faollik ko‘rsatganini tasdiqlaydi.

Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.

Mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi belgilangan. Bular davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishdir.

O‘zA muxbirlari ushbu farmon va Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida turli soha vakillari bilan suhbatda bo‘ldi.

Botir Matmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi:

– Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘zining boy tarixiga tayanib, porloq istiqbolini qurayotgan davlat, hamjihat xalq, eng tez rivojlanayotgan mamlakat sifatida dunyoga tanildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan, hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar yangi taraqqiyot marralarini egallash, zamon shiddatiga mos tarzda rivojlanish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimiz hayotida katta voqelik bo‘ldi. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklarini hamda aniq marralarini belgilab bergan mazkur hujjatda qayd etilgan har bir vazifa shu zaminda yashayotgan, ertangi kunga qat’iy ishonch bilan qarayotgan har bir inson hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Harakatlar strategiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan keng jamoatchilik, ishbilarmon doiralar, davlat organlari vakillarining uchrashuvlari, xalq bilan muloqotlar chog‘ida bildirilgan mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritilgani e’tiborga loyiq.

Harakatlar strategiyasini besh bosqichda amalga oshirish, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq har yili uni amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlanishi uni hayotga tatbiq etish samaradorligini oshiradi. Shu jihatdan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshiriladigan Davlat dasturida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Buning tub mohiyatida xalqqa har tomonlama qulaylik yaratish mujassam. Faoliyati aholi bilan ishlash, uning manfaatlarini ta’minlash bo‘lgan tuzilmalar yanada takomillashtiriladi. Bu jarayonda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sifatini tubdan yaxshilash, siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish kutilgan natijaga erishishda zarur vosita bo‘lishi shubhasiz.

Xalq bilan muloqotning bugungi kun talabi darajasidagi zarur omillaridan biri “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishdir. Joriy yilda bu yo‘nalishda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Buning uchun zarur barcha asoslar yaratilayotgani aholiga, tadbirkorlik subyektlariga katta qulayliklar taqdim etmoqda.

Aziz Mirzayev, yuridik fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yordamchisi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak, degan fikrlari faoliyatimizda muhim mezonga aylandi. Zero, sohamiz xodimlarining zimmasidagi vazifalarni bajarishga katta mas’uliyat bilan yondashishi, ishlarni qonuniy muddatlarda ko‘rib chiqib, adolatli va asosli qarorlar qabul qilishi bugungi kun talabidir.

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bunday chora-tadbirlar sudlarning odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshiradi.

Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining vakolatlari kengaytirilishi ham sohada sezilarli yutuqlarga yo‘l ochadi.

Oybek Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasiga mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritilgan.

Loyihalarni tayyorlash davomida aholining keng qatlamlari orasida qizg‘in muhokamalar olib borildi. Loyihalar muhokama uchun turli axborot maydonlariga joylashtirildi. Natijada ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushdi. Yurtdoshlarimiz yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga befarq emasliklarini namoyon qildi. Natijada har jihatdan pishiq va puxta ishlangan hujjat qabul qilindi. Bu mamlakatimizni yanada rivojlantirishda va aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Harakatlar strategiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va demokratlashtirish, davlat xizmati tizimini takomillashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash va ularning kasb malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratayotgani o‘z ifodasini topgan.

Maqsuda Vorisova, Oliy Majlis Senati a’zosi, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Nazarbek qishloq vrachlik punkti mudirasi:

– Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, mamlakatimizning olis hududlarini ham elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi nufuzini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’limni sifat jihatdan yanada boyitish borasida qator chora-tadbirlar belgilangan.

Tibbiyot maskanlari, xususan, birlamchi tibbiyot muassasalari, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish borasida aniq tadbirlar olib boriladi.

Prezidentimiz rahnamoligida aholining tibbiy madaniyatini oshirish, jamiyatimizda har tomonlama sog‘lom oilalarni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining soha xodimlari bilan har uchrashuvida bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar keng muhokama qilinmoqda, zarur topshiriqlar berilmoqda. Harakatlar strategiyasi tibbiyot sohasini izchil rivojlantirish, soha xodimlarining kasb malakasi va mas’uliyatini yanada oshirishda ham muhim dasturilamaldir.

Mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini belgilab beruvchi ushbu muhim hujjatda yoshi ulug‘larni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari qayd etilgan. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.

Qishloq joylarda arzon uy-joylar, suv va gaz ta’minoti quvurlari, bugungi talablarga mos zamonaviy yo‘llar qurish rejalashtirilgan. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash nazarda tutilmoqda.

Bu islohotlarning barchasi odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zA
1 042






Все о погоде - Pogoda.uz