O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 14:01 Chop etish versiyasi

“Taraqqiyot” tanlovi – yana bir imkoniyat

“Taraqqiyot” tanlovi – yana bir imkoniyat

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Tarakkiyot” respublika tanloviga bagʻishlangan brifing tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori B.Alimov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori A.Burxonov va boshqalar tanlov haqida maʼlumot berdi.

Prezidentimizning 2018-yil 30-maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini taʼminlash, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va boshqa davlat organlari, tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻkaziladi.

– Mazkur tanlov salohiyatli kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrgangan holda tashkil etildi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov. – Tanlov har 3 yilda bir marotaba va 4 bosqichda tashkil etilishi nazarda tutilgan. Tanlovda qatnashish istagida boʻlgan yoshlardan veb-portalga kelib tushgan anketalar oʻrganiladi. Talabgorlar aqliy salohiyat (IQ-test), psixologik barqarorlik, xorijiy tillarni bilishi, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlardan xabardorlik darajasi boʻyicha onlayn testdan oʻtkaziladi.

Tanlovda tayanch oliy maʼlumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan (45 yosh ham qoʻshilgan holda) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

“Taraqqiyot” respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya boʻyicha oʻz sohasidan kelib chiqib qatnashadi.

– Ishtirokchilarning anketalari ishchi guruh tomonidan oʻrganiladi. Ishchi guruhlari soni va ularning aʼzolari tarkibi har bir nominatsiyaga taqdim etilgan arizalar soniga bogʻliq holda shakllantiriladi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori B.Alimov. – Nominatsiyalarning har biri oʻzida bir yoki bir nechta sohani birlashtirgan. Shu sohalarga masʼul boʻlgan vakolatli davlat organlari ishtirokida tanlov komissiyalari shakllantirildi. Ularga rahbar sifatida, albatta, shu tashkilot rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari belgilandi. Hozirda belgilangan muddatda tanlov komissiyalari ishchi guruhi oʻz faoliyatini boshlagan.

Tanlovning 50 nafar gʻolibiga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan 150 ishtirokchisiga esa eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti toʻlanadi. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida oʻtkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka oʻtashni oʻz ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik oʻquv kurslarida oʻqiydi. Soʻngra tegishli yoʻnalishlar boʻyicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 2018-yilning 1-oktyabridan 30-oktabriga qadar onlayn roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Tanlov haqidagi batafsil maʼlumotni taraqqiyot-tanlov.uz portalidan olish mumkin.

I.Ahatova, OʻzA