O‘zA O`zbek

19.05.2019 Chop etish versiyasi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi amaliy natijalarga boy boʻldi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi amaliy natijalarga boy boʻldi

Joriy yilning 11-17 may kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻldi. Bu haqida “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi axborot xizmati xabar bermoqda.

Delegatsiya tarkibida markaz vakillari Xitoyning qator ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va “aql markaz”lari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, muhim kelishuvlarga erishdi.

Jumladan, Markaz vakillari Pekin shahrida Xitoyning “Hi China International Youth Development Alliance” – “Salom, Xitoy” yoshlar rivojlanishi boʻyicha xalqaro alyans Prezidenti Xi Liu xonim bilan uchrashdi.

Mazkur Alyans xalqaro miqyosda manfaatdor tashkilotlar va alohida shaxslarga yoshlarni har tomonlama yetuk, bilimli va intellektual salohiyatli, komil shaxslar qilib tarbiyalashda oʻzaro tajriba almashish imkoniyatini beradi, shuningdek, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshiradi, yoshlarga oid siyosat haqida tadqiqotlar oʻtkazib, tegishli maʼlumotlarni beradi, umuman yoshlar va ularning tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlaydi.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari haqida ham munozaralar olib borildi.

Jumladan, Xi Liu xonim “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda “X-PRESIDENT” loyihasini amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Mazkur loyihaning qisqacha maqsad-vazifasi shundan iboratki, oʻzbekistonlik eng ilgʻor, faol va peshqadam yoshlar orasidan liderlar tanlab olinib, ularning biron bir davlat prezidenti sifatidagi faoliyatlari oʻrganiladi, tadqiq va tahlil etiladi hamda tegishli xulosalar chiqariladi. Bu loyiha yoshlarning kelgusida oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, mustaqil qarorlar qabul qilish, qatʼiy pozitsiyaga ega boʻlish, rahbarlik qobiliyatini shakllantirish, eng asosiysi, xalq bilan muloqot qilish koʻnikmasi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir – “SHADOW” (“Soya”) deb nomlangan loyiha liderlarning ish faoliyatiga bagʻishlangan. Unda, aytaylik, bir nafar xitoylik talaba bir nafar oʻzbekistonlik rahbarga biriktirilib, kun mobaynida uning ishlarini kuzatadi, yaʼni nimalar qildi, oʻzini qanday tutdi, qanday muammolarga yechim topdi, umuman, oʻz vazifasini bajarish mobaynida amalga oshirgan saʼy-harakatlarini qayd etib boradi hamda oʻz xulosalarini chiqarib, bu haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qiladi.

Ushbu loyihaning ahamiyati shundan iboratki:

birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi taʼminlanadi;

ikkinchidan, rahbar shaxsi haqida xalqda muayyan fikr paydo boʻladi;

uchinchidan, rahbarning oʻz ishiga nisbatan masʼuliyati kuchayadi;

toʻrtinchidan, rahbar qoʻl ostidagi tashkilot haqida keng jamoatchilikning xabardorligi ortadi.

Yuzma yuz muloqot chogʻida, shuningdek, yana bir qator loyihalarni amalga oshirish mumkinligi haqida oʻzaro fikr almashildi. Misol uchun, xitoylik va oʻzbekistonlik yoshlarning doʻstligi va hamjihatligini yanada mustahkamlash, zamonaviy bilimlarni mukammal egallash maqsadida amaliyot oʻrganish, malaka oshirish borasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish dolzarb ahamiyat kasb etishi bayon etildi. Bu borada Xi Liu xonim Xitoyning eng nufuzli Sinxua universitetining imkoniyatlaridan samarali foydalanish mumkinligini eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, “Taraqqiyot strategiyasi” markazida xitoylik yoshlarning amaliyot oʻtashlarini yoʻlga qoʻyish masalasida ham fikrlashildi.

Oʻzaro muloqot mobaynida Xi Liu xonim, shuningdek, Markaz bilan Xitoyning Garvard universiteti bitiruvchilari uyushmasi hamkorligini yoʻlga qoʻyish muhimligini qayd etdi. Chunonchi, dunyoning eng yetakchi bu bilim dargohini bitirgan yuzlab xitoyliklar bugungi kunda oʻz sohasining yirik mutaxassislari, mohir va tajribali rahbarlari sifatida faoliyat yuritishmoqda. Shu maʼnoda, mazkur uyushma bilan hamkorlik qilish Markaz uchun Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarni yuqori samaradorlik bilan amalga oshirishda alohida ahamiyatga ega boʻlishi muqarrar.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakov bugungi kunda Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng koʻp investitsiya kiritayotgan davlatlardan biri ekanini, ayni vaqtda mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat koʻrsatayotgani, xitoylik sarmoyadorlar oʻtgan davrda 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishganini qayd etib, xitoylik investorlarni yanada koʻproq jalb etish boʻyicha hamkorlikdagi alohida loyihani amalga oshirish, birgalikda tadqiqotlar, tadbirlar oʻtkazish gʻoyasini ilgari surdi. U bu hamkorlik orqali xitoylik ishbilarmonlarni Oʻzbekistondagi investitsiyaviy muhit, keyingi vaqtlarda chet ellik sarmoyadorlarga yaratib berilayotgan tashkiliy-huquqiy imkoniyatlar va kafolatlar, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan yanada kengroq xabardor etish mumkinligini eʼtirof etdi.

Tomonlar joriy yilning iyul-avgust oylarida “Hi China International Youth Development Aliance” tashkiloti loyihasi doirasida Xitoy ishbilarmonlarining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Toshkentda boʻlib oʻtadigan tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish haqida bir qarorga keldilar. Bu esa yuqorida xitoylik investorlarni jalb qilish boʻyicha bildirilgan taklifning amalga oshishi yuzasidan qoʻyiladigan dastlabki qadam boʻladi.

Uchrashuv soʻngida ikki tashkilot oʻrtasida Anglashuv memorandumini imzolashga ham kelishib olindi.

2 375
OʻzA