O‘zA O`zbek

13.08.2018 12:06 Chop etish versiyasi

Taqdirlar, maqsadlar tutashgan maskan

Taqdirlar, maqsadlar tutashgan maskan

Forish tumaniga kiraverishda, Jizzax – Forish avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan Oqtom qishlog‘ining qiyofasi keyingi to‘rt oy ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. 

Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!

Janubiy Qizilqumning Nurota tog‘ tizmalariga tutash qismidagi ko‘rimsiz bu manzil “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, tumanning o‘ziga xos tabiatini, qiyofasini aks ettiradigan obod manzilga aylandi.

3 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan 509 xonadondan iborat qishloqda dasturga muvofiq keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Pastqam, ko‘rimsiz va yaroqsiz holga kelib qolgan binolar buzib tashlanib, o‘rniga yangilari qurildi. Maktablar, qishloq vrachlik punkti ta’mirlandi. Qurigan daraxtlar kesilib, o‘rniga yapon soforasi va archa ko‘chatlari ekildi. Qishloqning ichki yo‘llariga shag‘al yotqizilib tekislandi, ko‘chalar to‘liq tartibga keltirildi.

– Qishlog‘imizda ro‘y bergan eng katta o‘zgarish davlat idoralari holimizdan xabar olib, turmushimizni yengillatishga yordam bergani bo‘ldi, – deydi qishloq mo‘ysafidlaridan Faxriddin Qo‘ychiyev. – Ayniqsa, uzoq yillar bir amallab tirikchilik qilib kelgan odamlarni ish bilan ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanishda ko‘mak berilgani oilalar turmush sharoitini yaxshiladi. Masalan, 36 sotix yerga ekkan toklarim suvsizlikdan qurib qolgan edi. Suv ta’minoti borasida ko‘rsatilayotgan yordam tufayli tomorqa va dehqon xo‘jaliklari aholining asosiy daromad manbaiga aylanmoqda.

Odamlarning hayotida, ongu tafakkurida ro‘y berayotgan bunday o‘zgarishlarni Forish tumanining barcha qishloqlarida ko‘rish mumkin.

Tumanning Nurota tog‘ tizmalari etagi bo‘ylab joylashgan qishloqlar aholisi azaldan bog‘dorchilik, Qizilqumning bepoyon etaklarida, Arnasoy ko‘li bo‘yida chorvachilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Mustaqillik yillarida bu tarmoqlar rivojlanishi, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etilishi bilan tumandagi katta-kichik 100 dan ziyod qishloqning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Zamonaviy uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turli inshootlar qurilib, ishga tushirilmoqda. Chunonchi, ilgari tumandagi 70 maktabdan 14 tasigina zamonaviy binoga ega edi. Bugungi kunda ularning soni 60 dan oshdi. Yaqin yillarda qolganlarini ham yangilash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Obod qishloq” dasturi asosida tumanda yana bir maskan – Xonbandi shaharchasi ham qayta qurilmoqda. Keyingi yillarda qarovsizlikdan ancha xaroba ahvolga kelib qolgan shaharchada qisqa muddatda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, hudud qiyofasi, odamlar turmushi tubdan yaxshilandi.

Shaharchadagi 14 ko‘p qavatli uy ta’mirlandi, hovlilarida bolalar maydonchalari barpo etildi. Dasturga muvofiq, mahalliy byudjet va davlat maqsadli jamg‘armalari, homiylar mablag‘lari hisobidan aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Ijtimoiy muassasalar binolari, yo‘l va boshqa infratuzilma inshootlari ta’mirdan chiqarildi. 90 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushirildi.

– Mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar samarasi Janubiy Qizilqum bag‘ridagi shaharchamizda ham aks etayotganidan behad mamnunmiz, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norbibi Ahmedova. – Odamlarning yashashi uchun qulayliklar yaratilayotir, tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilib, ish o‘rinlari barpo etilmoqda. Shundoq ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan bunday o‘zgarishlar odamlarda ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

Hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli olis qishloqlarda ham yirik loyihalar amalga oshirilayotgani tuman iqtisodini yuksaltirib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotir. Jumladan, o‘tgan yil oxirida Egizbuloq qishlog‘ida Buyuk Britaniyaning “Leigh Barrier LLP” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mega invest industrial” MCHJ shaklidagi kompozit armaturalar ishlab chiqarish zavodi qurilishi tuman iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Loyiha qiymati 51,8 million dollarga teng ushbu yirik korxona yiliga 2,5 ming tonna bazalt tola va 2,9 ming tonna armatura ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eng muhimi, korxona ish boshlashi bilan 150 kishining doimiy bandligi ta’minlandi.

Tumanda tabiiy imkoniyatlar katta. Shuning uchun foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga ekin maydonlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2018-2019 yillarda Jizzax viloyatida Irrigatsiya-melioratsiya davlat dasturi asosida tumandagi 20 ming gektar yerni suv bilan ta’minlash imkonini beradigan kanal va suv ombori qurilishiga kirishildi.

Prezidentimiz joriy yil mart oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu inshoot qurilishining borishi bilan tanishdi. Mazkur gidroinshootni joriy yilda qurib ishga tushirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. Ayni paytda qurilish ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.

Bu 2019 yilning kuzidan boshlab tumandagi o‘zlashtirilmagan maydonlar suv bilan ta’minlanishini anglatadi. Suv borgan yerlarda bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi. Bunyodkorlik ishlari uchun 250 milliard so‘m sarf etiladigan mazkur gidroinshoot hududda meva-sabzavotchilik, uzumchilik fermer xo‘jaliklari tashkil etish, o‘z navbatida, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlaydigan yirik korxonalar barpo etish imkonini beradi.

Bunday yirik loyihalar boshqa sohalarda ham amalga oshirilayotir. Masalan, “Farish agro valley” MCHJ da 1000 bosh echki boqishga mo‘ljallangan zamonaviy ferma qurilishi ham hududni rivojlantirishga yangicha yondashuvlardan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 maydagi “Jizzax viloyatida ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishni tubdan jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning yangi yondashuvlari va metodlarini sinab ko‘rishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2017-2018 yillarda hududda qiymati 3,5 trillion so‘mlik 3 ming 48 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tuman hududida Nurota tog‘lari, Arnasoy ko‘llari tizimi, Qizilqum cho‘llarining rang-barang tabiati uyg‘unlashib ketgan. Ana shu tabiiy xilma-xillik hududda asrlar davomida baqamti yashab kelayotgan o‘zbek, tojik, qozoq xalqlari taqdirida, madaniyati, urf-odat va an’analari mushtarakligida ham o‘z aksini topgan.

Nurota davlat qo‘riqxonasida “Qizil kitob”ga kiritilgan, boshqa biror hududda uchramaydigan dilband lolasi, oq dumli burgut, olqor kabi o‘simlik va jonivorlarning ko‘plab noyob turlari mavjud. Shu jihatlar bilan tumanda turizm, ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari keng. 

– Turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor qishlog‘imiz aholisi imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda, – deydi Forish tumanidagi “Sarbon Nraval” oilaviy korxonasi rahbari Sarbon Shavqiyev. – Xorijlik mehmonlar tumanimizda tabiatning barcha xilma-xilligidan – tog‘ va yaylovlar, bepoyon cho‘l va moviy ko‘llardan zavq oladi. Shuni hisobga olib, sayyohlar uchun 20 o‘rinli uy-mehmonxona qurib, ishga tushirdik. 

To‘g‘ri, hozircha faqat ekoturzim haqida gapirilayotir. Ammo tumanning boy tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, folklor- etnografik san’at namunalari, xalq o‘yinlarining rang-barangligi boshqa hududlardan ajralib turadi. Ayniqsa, Sayyod, Osmonsoy, Ilonchi, Ko‘hna bozor, Safar ota, Uchma qishloqlarida Navro‘z bayrami, to‘y- tomoshalarda ijro etiladigan laparu o‘lanlar, aytishuvlar, xalq o‘yinlari faqat shu hududga xosligi bilan diqqatga sazovor. Uloq-ko‘pkari tomoshalarining zo‘ri Janubiy Qizilqum bag‘ridagi Darboza, Omonkeldi, Qizilqum, Aydarovul qishloqlarida o‘tadi.

Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ana shu o‘ziga xos madaniyatni o‘rganish, targ‘ib qilish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1994-1996 yillarda tumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar vakillari ishtirokida ikki marta xalq o‘yinlari olimpiadasi o‘tkazilib, xalqimizning ma’naviy va jismoniy barkamolligiga xizmat qiluvchi ko‘plab xalq o‘yinlari qayta tiklandi. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etayotir. 

Darhaqiqat, Forishda yangiliklar ko‘p. Har bir qishloqda kunda-kunora nimadir qurilmoqda, nimadir yangilanayotir. Odamlardagi ana shu harakat, intilish tufayli bog‘lar gullab-yashnab, qishloqlar obod bo‘lmoqda. O‘z hayotini yaxshilash uchun harakat qilayotgan forishliklar oilasi farovonligini ta’minlash bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.

T. Beknazarov, O‘zA
2 093