O‘zA O`zbek

10.09.2018 18:26 Chop etish versiyasi

Tanzila Norboyeva mardikor ayollar haqida gapirdi

Tanzila Norboyeva mardikor ayollar haqida gapirdi
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi jamiyatimizning ogʻir nuqtalaridan boʻlgan mardikor ayollar muammosi va ayollarni ish bilan taʼminlash masalalari haqida gapirdi.

“Ayollar borasidagi, umuman, aholidagi ijtimoiy muammolar ishsizlik oqibatida kelib chiqadi. Biz ishsizlikni hal etsak qolgan muammolar oʻz-oʻzidan bartaraf boʻladi. Bu haqida Prezidentimiz ham maʼruzalarida koʻp bora taʼkidlab oʻtganlar. Biz uyma-uy yurib, muammolarni oʻrganishda shuni aniqladikki, hozirda ishsiz ayollar bandlik xizmatlari keltirgan raqamlardan uch barobar koʻp. Biz uyma-uy yurib muammolarni aniqlar ekanmiz, asosan, ayollarni ish bilan taʼminlashga koʻproq ahamiyat beryapmiz.

Ayollarni ish bilan taʼminlash jarayoni uch yoʻnalishda amalga oshirilmoqda.

Birinchi yoʻnalishga koʻra, davlatimiz tomonidan ajratilgan bandlik boʻyicha alohida dasturlar bor. U yerda ayollar uchun maxsus ajratilgan ish oʻrinlari mavjud boʻladi. Biz shu ish joylariga ayollarimizni jalb etyapmiz. Ikkinchidan, har bir korxona va tashkilotlarda boʻsh oʻrinlar boʻladi. Mana shu ish oʻrinlarini biz mehnat bandlik xizmatidan olib mahallalarga borib, ishsiz oʻtirgan ayollarga taklif etyapmiz. Uchinchidan, korxona, tashkilotlarda davlatimiz tomonidan kvotalangan ish oʻrinlari bor. Bu kvotalangan ish oʻrinlari odatda koʻp bolali ayollar, nogironligi bor fuqarolar, jazoni oʻtash hududlaridan qaytganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlar uchun ajratilgan boʻladi.

Koʻpincha korxonalar oʻziga muammo orttirishni istamagan holda ushbu kvotalarni ajratmaydilar. Shuning uchun biz korxonalar bilan maxsus kvotalar haqida gaplashib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va koʻp bolali ayollarni ana shu oʻrinlarga tavsiya etyapmiz. Undan tashqari, Xotin-qizlar qoʻmitasining tashabbusi bilan mahallalardagi boʻsh yotgan joylarda turli sexlar tashkil etilib, u yerlarga ayollarni ishga jalb etyapmiz. Soʻnggi olti oy yakunlariga koʻra, yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha jami 131 ming nafardan ortiq ayol ish bilan taʼminlandi. Undan tashqari, hozirda bir oygina pilla yetishtirish bilan shugʻullangan, uyida ikkta sigir boqqan ayollarga mehnat daftarchasi ochishga ruxsat berilgan. Bu albatta, ayollarimizni ijtimoiy himoyalash uchun amalga oshirilmoqda”, deydi T.Norboyeva.

OʻzA
1 521