O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Talabalar oʻrtasida “Biz saylov qonunchiligini oʻrganamiz” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi

Talabalar oʻrtasida “Biz saylov qonunchiligini oʻrganamiz” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi

Mamlakatimizda ayni kunlarda 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarga puxta tayyorgarlik olib borilmoqda. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan joriy yil 20-oktyabrdan 20-noyabrga qadar “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkazilmoqda. Fargʻona viloyatida ham oylik doirasida uchrashuvlar, davra suhbatlari va tanlovlar tashkil etilmoqda. Fargʻonada oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida “Biz saylov qonunchiligini oʻrganamiz” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.

Koʻrik-tanlov Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, unda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirok etdi. Tanlovning ilk bosqichi taʼlim dargohlari kesimida oʻtkazilgan boʻlib, ikkinchi - viloyat bosqichida saralangan jamoalar milliy saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi. Xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filialining “Yosh tibbiyotchilar” jamoasi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filialining “Istiqbol”, Fargʻona davlat universitetining “Buyuk kelajak”, Fargʻona politexnika institutining “Yosh saylovchilar” jamoalari 3 ta shart asosida kuch sinashishdi. Dastlabki shartda oʻz taʼlim dargohi haqida maʼlumotlar, shuningdek, talabalarning siyosiy jarayonlarga nisbatan qiziqishi, xabardorligi, oʻquv yurtida bu masalalarga eʼtiborning nechogʻlik kuchliligi hamda saylov tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berilishi talab etildi. Mazkur shartda oʻz faolligini koʻrsatgan talabalar ikkinchi shartda savol-javoblar asosida saralandi. Uchinchi shart esa sahna koʻrinishlaridan iborat boʻldi.

Albatta, tanlov shartlari davomida talabalar oʻzlarining saylov qonunchiligi boʻyicha nechogʻlik maʼlumotga ega ekanliklarini, yangi Saylov kodeksi va u asosida saylov jarayonlariga kiritilgan oʻzgarish va yangiliklardan qay darajada boxabar ekanliklarini yana bir bor namoyish etdilar. Qizgʻin bahslar, keskin tortishuvlar bilan tanlov gʻolibi ham maʼlum boʻldi. Tanlovda 96 ball toʻplab Fargʻona davlat universitetining “Buyuk kelajak” jamoasi 1-oʻringa munosib topildi.

Gʻolib jamoa tashkilotchilar tomonidan munosib ragʻbatlantirildi. Shuningdek, ularga joriy yil 21-24-noyabr kunlari Fargʻona – Samarqand yoʻnalishi boʻylab tashkil etilgan turistik sayohatga yoʻllanma beruvchi sertifikatlar ham topshirildi. Bu, albatta, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ragʻbatlantirish hamda siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish, saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlarini yanada oshirishning oʻziga xos tizimi hamda istiqbolli uslubidir.

545
M. SULAYMONOV, M. QODIROV (surat), OʻzA