O‘zA O`zbek

17.10.2020 Chop etish versiyasi

Talabaga kontrakt toʻlashda qanday imtiyozlar bor?

Talabaga kontrakt toʻlashda qanday imtiyozlar bor?

Adliya vazirligiga aholidan karantin va boshqa masalalar bilan bogʻliq savollar tushishda davom etmoqda.

Navbatdagi savollarga Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva javob berdi:

Savol: Oliy taʼlim muassasasida toʻlov kontrakt shartnomasi asosida oʻqishga kirdim. Turmush oʻrtogʻim ish haqidan kontrakt toʻlovini amalga oshirmoqchi. Ish haqidan kontrakt toʻlovini amalga oshirilsa, qanday imtiyoz beriladi?

Javob: Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish (oʻzining, yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun toʻlovdan daromad soligʻi (12 foiz) ushlanmaydi.

Shunga koʻra, turmush oʻrtogʻingizning oylik ish haqidan daromad soligʻi undirilmaydi.

Savol: Ishlash bilan birga oliy taʼlim muassasasi 4-kurs talabasiman. Ham ishlab ham oʻqiyotgan xodimlar uchun qanday imtiyozlar bor?

Javob: Mehnat kodeksining 249-moddasiga koʻra, taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda ish joyidan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtilga chiqish, qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga egaligi belgilab qoʻyilgan.

Demak, oliy taʼlim muassasasida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotgan boʻlsangiz, yuqorida aytib oʻtilgan huquqlaringiz mavjud.

Savol: Oʻgʻlim turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy ajrashgan. Farzandlari onasi bilan qolgan. Nabiralarimni koʻrish uchun borganimda kelin nabiralarimizni koʻrishga qarshilik qilmoqda. Ushbu holat qonuniymi?

Javob: Oila kodeksining 77-moddasiga koʻra bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega.

Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan koʻrishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ularga imkoniyat berishi mumkin.

Mazkur holatda, nabiralarning buvisi sifatida ular bilan koʻrishib turish vakolatingiz mavjud.

Siz bola bilan koʻrishib turish vaqtini belgilash va toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash yuzasidan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Savol: 3 nafar voyaga yetgan farzandim bor. Oʻzimga tegishli boʻlgan barcha mol-mulkni faqat bir nafar farzandimga vasiyat qilib qoldirsam boʻladimi?

Javob: Fuqarolik kodeksining 1120-moddasiga asosan fuqaro oʻzining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun boʻyicha merosxoʻrlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Mazkur moddaning 4-qismida belgilanishicha vasiyat qiluvchi qonun boʻyicha merosxoʻrlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Demak, nomingizdagi barcha mol-mulkni xohlagan farzandingizga vasiyat qilib qoldirishingiz mumkin.

Savol: Himoya orderini qanday olsam boʻladi? Order berish uchun qanday asoslar boʻlishi kerak? Himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari qanday?

Javob: Himoya orderi - bu tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.

Himoya orderini berish uchun quyidagilar acoc hisoblanadi: tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati; jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar; tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etishi yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi; davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi va unga nisbatan 223 ming soʻmdan 669 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi qoʻllaniladi.


1 427
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA