O‘zA O`zbek

20.07.2019 19:12 Chop etish versiyasi

Tahliliy maʼruza Oʻzbekistonning mintaqadagi ulkan salohiyatiga bagʻishlandi

Tahliliy maʼruza Oʻzbekistonning mintaqadagi ulkan salohiyatiga bagʻishlandi

Bugun “Poytaxt” biznes markazida “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi tomonidan tayyorlangan “Markaziy Osiyoda Oʻzbekistonning masʼuliyatli yetakchiligi konsepsiyasi” nomli yangi tahliliy maʼruza taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda parlament aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar masʼul xodimlari, oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, oʻzaro munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish Oʻzbekiston tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu maʼnoda, taqdimot doirasida tashkil etilgan va aynan mintaqada integratsiya jarayonini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan seminar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Qizgʻin munozara, savol-javob tarzida kechgan anjumanda bugungi kunda Markaziy Osiyoda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, taklif etilayotgan integratsion gʻoya va loyihalar haqida atroflicha fikr almashildi. Ekspertlar mavzu doirasida fikr yuritib, asosiy eʼtiborni mintaqada Oʻzbekiston olib borayotgan siyosatning konseptual jihatlariga qaratdi.

Eslatib oʻtish joiz, mazkur ishlanma “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi tomonidan soʻnggi ikki oy davomida taqdim etilgan ikkinchi tahliliy maʼruza. Joriy yil iyun oyida “Oʻzbekistonda partiyaviy tizimni isloh qilishning konseptual tahlili” nomli tahliliy maʼruza eʼlon qilingan edi.

OʻzA
2 509