O‘zA O`zbek

11.07.2019 13:52 Chop etish versiyasi

TAHLIL va TAQQOS: yangilangan “Toshkent” avtovokzali haqida yo‘lovchilar nima deydi?

TAHLIL va TAQQOS: yangilangan “Toshkent” avtovokzali haqida yo‘lovchilar nima deydi?


“9 nafar farzandim bor. 3 qizim Qirg‘izistonning Bishkek shahrida yashaydi. To‘g‘risini aytsam, bundan 3-4 yil avval ularning oldiga borib-kelish ancha mashaqqat edi. Yo‘l azobini o‘ylasam, yuragim orqaga tortardi. Bugun zamon boshqacha. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar samarasida qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarimiz yangi o‘zan tomon yuzlandi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi aloqalari qayta tiklandi. Yaqinda oynai jahon orqali “Toshkent” avtovokzalining yangi binosi foydalanishga topshirilgani, Bishkekka zamonaviy avtobuslar qatnayotganini eshitib, rosa quvondim. Bugun qizlarimni ko‘rgani ketyapman. Taassurotlarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman”.

Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 75 yoshli Zumrad aya Qarshieva bilan “Toshkent” avtovokzalining keng, salqin va yorug‘ kutish zalida yonma-yon o‘tirib suhbatlasharkanmiz, uning yuz-ko‘zidagi mamnunlik, shukronalikni ko‘rib, bu ezgu va xayrli ishlarga bosh qo‘shgan, bunyodkorliklarga esh bo‘lgan insonlar haqiga tasannolar aytdik.

2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda

Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 10 yanvarida “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Mazkur qaror bilan 2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unda yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, mavjud avtovokzallar va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, xalqaro qatnovlarni yo‘lga qo‘yish, qolaversa, yo‘lovchi tashish transportlarida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

photo5276183576301382369.jpg

Orada ma’lum muddat “Toshkent” avtovokzali butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yilgani hech kimga sir emas. Bu yer tamomila qarovsiz hududga aylandi. Quvonarlisi, sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli vokzal bugun butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etdi. O‘tgan yilning yozida bunyodkorlik ishlari boshlangan majmua shu yilning may oyida foydalanishga topshirildi. Natijada bir vaqtning o‘zida 2 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, mahalliy yo‘nalishlar bilan birga, qo‘shni respublikalarning yirik shaharlariga avtobus qatnovlarining yo‘lga qo‘yilganidan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz mamnun.

— Har gal olis yo‘lga otlanarkanmiz, keksalarimiz: “Yo‘ling bexatar bo‘lsin”, “Yaratganning panohida bo‘l”, deya qo‘llarini duoga ochadi, — deydi Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani “Yangiobod” mahallasida yashovchi Abdulloh To‘xtaev. — Bu bejiz emas. Boisi uzoq yo‘lga chiqqan inson turli voqea-hodisalarga guvoh bo‘ladi, sabr-toqati sinovdan o‘tadi. Ammo yo‘l tekis, ulov durust bo‘lsa, bu sayohat senga eng ajoyib taassurotlarni hadya etadi.

Surxondaryo viloyati poytaxtdan ancha olisda joylashgan. Viloyatimizga zamonaviy avtobuslar qatnovining yo‘lga qo‘yilganidan juda xursand bo‘ldim. Chunki bunday uzoq masofaga avtobusda qatnash men uchun qulay. To‘g‘risini aytsam, ancha vaqtdan buyon yo‘lda yurib, bu qadar qulaylikni his qilmagandim.

“Haydovchilarning e’tiborsizligi tufayli ko‘plab avtohalokatlar sodir bo‘lardi”

Vokzal eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Dispetcherlik xizmati, chiptaxona, kutish zali va VIP zalda yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, savdo do‘konlari, kafe-bar, milliy taomlar oshxonasi kecha-yu kunduz ishlab turibdi. Shuningdek, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxonalar tashkil etilgani ziyorat turizmini rivojlantirish, mamlakatimizga sayyohlar oqimini yanada oshirishga imkon beradi.

photo5276183576301382370.jpg

— “Toshkent” avtovokzalining yangi binosi foydalanishga topshirilganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, ammo uning xizmatlaridan bugun ko‘plab yurtdoshlarimiz, chet ellik sayyohlar minnatdor, — deydi “O‘zavtovokzal servis” DUK bo‘lim boshlig‘i Fikrat Norxo‘jaev. — Ayniqsa, yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashganimizda ular bu o‘zgarishlarni uzoq vaqtlardan buyon kutishayotgani seziladi. Xabaringiz bor, avtovokzal bir necha yil qarovsiz qoldi. Perronlar, kutish zali, avtobus bekatlari ta’mirtalab edi. Sharoit bo‘lmagani tufayli odamlar o‘z manzillariga yetib olish uchun ortiqcha pul sarflab, yo‘lovchi transport vositalari xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ldilar. Eng achinarlisi, haydovchilarning e’tiborsizligi bois yo‘llarda ko‘plab noxush holatlar, avtohalokatlar sodir bo‘lardi. Endilikda yurtdoshlarimiz “Toshkent” avtovokzali orqali poytaxtimizdan Samarqand, Termiz, Jizzax, Denov, Buxoro, Qorako‘l, Qarshi, Urganch, Zarafshon, Xatirchi, Paxtaobod, Uchquduq, Guliston, Gagarin, Zomin va Yangier kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z manzillariga eson-omon yetib olish imkoniga ega. Shuningdek, mahalliy va chet ellik fuqarolar Chimkent, Xo‘jand, Turkiston, Qizil-O‘rda, Qozon, Nijniy Novgorod, Almati, Bishkek, Nur-Sulton, Jetisay, Taraz hamda Ushkonir kabi 10 dan ziyod xalqaro qatnovlar xizmatidan foydalanishlari mumkin. Vokzalda 31 ta perron, 80 ta avtobus uchun joy mavjud. Narxlar hamyonbop. Eng asosiysi, xizmatlar xalqaro standartlarga to‘la mos keladi.

Chet elliklarga bepul sim-kartalar taqdim etilmoqda

Xorijiy davlatlarga ketayotgan fuqarolarning manzillariga eson-omon yetib olishlari uchun avtobusda tashishga ixtisoslashtirilgan “Uzautotrans Service” korxonasi tashkil etildi. Korxona parki Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 168 ta zamonaviy avtobus bilan to‘ldirildi. Ushbu transport vositalari 53 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, qulay va yumshoq o‘rindiqlar, har bir o‘rindiq tepasidagi havo deflektori va individual yoritish chiroqlari, sovutgich hamda monitor uzoq safarga otlangan yo‘lovchilarga maksimal qulaylikni taqdim etadi.

photo5276033518733994878.jpg

— Samarqand shahriga sa­yohatga ketyapman, — deydi koreyalik sayyoh Ji Sun Yong. — Shu bois “Toshkent” avtovokzali orqali avtobusda manzilga yetib olishni maqsad qilganman. To‘g‘risi, ushbu vokzalga bundan bir necha yil avval ham kelganman. Ammo o‘sha paytdagi sharoitlar bilan bugungisini solishtirib bo‘lmaydi. Hammasi a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan.

Ayniqsa, chet ellik sayyohlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida vokzal hududining

o‘zida uyali aloqa vositalari uchun bepul sim-karta

berilayotgani ayni muddao bo‘ldi. Chunki chet davlatga borgan sayyoh

birinchi galda aloqa vositalariga ehtiyoj sezadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ilgarigi ko‘rimsiz, diqqinafas, tiqilinch vokzallarning davri o‘tdi. Bugun barcha sohalar qatori yo‘lovchi tashish tizimida yaratilayotgan sharoit va qulayliklar aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, hayotga tatbiq etilmoqda. Ishonamizki, poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan ushbu ezgu tashabbus yaqin yillarda hududlarda ham o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Manba: “Mahalla” gazetasi


O'zA
827