Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 21:35 Chop etish versiyasi

“Tafsilot-Press” gazetasi xodimi nega pora oldi?

“Tafsilot-Press” gazetasi xodimi nega pora oldi? Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida bir jurnalist pora bilan qo‘lga tushganligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, bu nechog‘li to‘g‘ri? Aslida nima bo‘lgan edi? 

Surxondaryo viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan “Tafsilot-Press” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N.Ashurov Farg‘ona viloyatidagi xalq ta’limi va tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvolini o‘rganish maqsadida xizmat safariga yuboriladi. U Farg‘ona tumanidagi 32- va 3-maktabgacha ta’lim muassasalarida zaxira rejasida ko‘rsatilgan hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilmaganligi holatini matbuotda yoritmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan 1 ming 500 AQSh dollari talab qilgan. 

Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi, Farg‘ona shahar va Farg‘ona tuman bo‘limi xodimlari, Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona tumani bo‘limi xodimlari tomonidan 2017-yil 19-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida N.Ashurov Farg‘ona shahridagi “Do‘stlik” mehmonxonasi yonida 800 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlandi.

Tezkor tadbir davomida “Do‘stlik” mehmonxonasidagi N. Ashurov joylashgan xona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda xizmat guvohnomasi, tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar, ma’lumotnomalar va normativ xujjatlar nusxalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Shuningdek, u Farg‘ona tumani tibbiyot birlashmasi omborini kuz-qish mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini va birlashma oshxonasida ovqatlarni tayyorlanish holatini o‘rganib, tushlikka solingan ovqatga oz miqdorda go‘sht solinganlik holatini matbuotga olib chiqmaslik evaziga omborchidan 200 AQSh dollarini talab qilib, 100 AQSh dollarini olganligi aniqlangan.

Huquq-tartibot organlarining aniqlashicha, “uddaburon” jurnalist N.Ashurov 2017-yil 11-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani hokimligiga borgan. Iqtisod bo‘limi xodimi Davronjon Begmatovga Toshkentdan kelganligini, qishga tayyorgarlik, oziq-ovqat zaxirasini yaratilganini ko‘rishi kerakligini aytadi. D.Begmatov tuman xalq ta’limi bo‘limidan xodim ajratib, tumandagi 1-ixtisoslashgan maktab internatiga yuborgan. N.Ashurov o‘zini vallomatlardan tutib tekshirishni boshlaydi. Maktab direktori S.Mamajonova mehnat ta’tilida bo‘lganligi bois ishda bo‘lmaydi. Shunga ham qaramay jurnalist uning xonasiga kirib, hujjatlarni tekshirgan. Bundan xabar topgan maktab direktori ishxonasiga kelsa kabinetida bir begona kishi uning ish stolida o‘tirib hujjatlarni tekshirayotgan ekan. S.Mamajonova jurnalistdan tekshiruv uchun asos so‘ragan.

Nafs qurboniga aylangan N.Ashurov Prezident farmonlaridan nusxalar ko‘rsatgan. Hujjatlarda kamchiliklar yo‘q ekan, deb chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Maktab direktori jurnalistning hatti-harakatlaridan shubhalanib, uni tuman hokimligiga olib borgan. Tuman hokimi kech bo‘lganligi sababli ertaga kelinglar gaplashamiz, deb ularni chiqarib yuborgan. N.Ashurov tashqariga chiqib, maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilib uni chaqirgan. “Endi nima qilamiz?” – deb so‘ragan. Direktor kamchilik aniqlanmaganligi, bu bo‘yicha huquq tartibot idoralariga murojaat qilishini aytgan. Ta’magirlik qilmoqchi bo‘lgan jurnalistning rangi o‘zgarib, sekingina juftakni rostlagan. Ertasi kuni maktab direktorining qo‘ng‘iroqlariga umuman javob bermagan.

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan “Tafsilot-Press” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N.Ashurovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Mamlakatimizda bugungi kunda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, matbuotni erkin minbarga aylantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jurnalistlarimiz bu yo‘lda fidoiylik va mashaqqat bilan mehnat qilmoqda. N.Ashurovga o‘xshagan ba’zi bir nafs kuyiga kirgan kishilar jurnalist kasbida dog‘ tushirmoqda. Bunday tovlamachilar qonun oldida albatta javob beradi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
7 744