O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:05 Chop etish versiyasi

Tadbirlar davomida yakka tartibdagi tadbirkorlarning 475,2 million so‘mlik har xil turdagi mol-mulklari xatlandi

Prezidentimiz raisligida joriy yil 17 aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni kamaytirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgan edi.

Mazkur yig‘ilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Davlat soliq qo‘mitasining yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzi sud tartibida undirilishi bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma buyrug‘i ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatida soliq qarzdorligini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Viloyat soliq boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Bo‘ka tumani bo‘limi bilan hamkorlikda ana shunday tadbirlarning navbatdagisi o‘tkazildi. Unda 4 qarzdorning soliqdan qarzini undirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, fuqaro D.Payshanovadan soliqdan qarzdorligi bo‘yicha 4 million 810 ming so‘m undirilib, MIB tuman bo‘limi hisob raqamiga o‘tkazildi. Yana bir fuqaro A.Chintoshevning soliqdan mavjud 6 million 800 ming so‘m qarzdorligi ham to‘liq undirildi.

“Achamayli Muqobil“ muqobil mashina traktor parki soliqdan qarzdorligining 3 million 700 ming so‘mini o‘sha kunning o‘zida to‘lab berdi va qolgan qismining 10 kun muddatda to‘lanishini kafolatladi.

– Joriy yil iyun-iyul oylarida barcha tuman va shaharlarda soliq qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.Erkayev. – Ushbu tadbirlarda yuridik shaxslarning 1 milliard 652, yakka tartibdagi tadbirkorlarning 475,2 va jismoniy shaxslarning 534 million so‘mlik har xil turdagi mol-mulklari xatlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu davrda 761 yuridik shaxsdan 3 milliard 236 million so‘m, 580 yakka tartibdagi tadbirkordan 632,9 million so‘m, 733 nafar jismoniy shaxsdan esa 642,5 million so‘m, jami 4 milliard 511 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi undirilgan.

Viloyatda soliq qarzdorligini kamaytirish tadbirlari davom etmoqda.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
1 744