O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi

Tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartib-taomillari yanada  soddalashtiriladi


Respublikamizda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etib kelmoqda. Xususan, 2019 yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–5739-son Farmoni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Farmonda tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, tugatish jarayonini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma’muriy cheklovlarni bekor qilish belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus hududiy komissiyalarni tugatish;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida ustav fondi ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibi bekor qilinadi;

davlat organlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini joriy etish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar va tartib-taomillar qisqartiriladi.

Shuningdek, quyidagi tartiblarni belgilash orqali tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulayliklar yaratish nazarda tutilgan jumladan:

a) tadbirkorlik sub’ektlari – yuridik shaxslarni (keyingi o‘rinlarda – korxonalar) ixtiyoriy tugatishda:

bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berish talab etilmaydi, bunda tegishli ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirilmaydi;

davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkaziladigan, tugatiladigan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi uch yilni tashkil etadi;

moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun vakolatli davlat organlaridan korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni olish tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi;

korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddati ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab olti oydan oshmasligi kerak;

b) tadbirkorlik sub’ektlari – jismoniy shaxslar faoliyatini to‘xtatishda ariza beruvchi tomonidan davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish talab etilmaydi;

v) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatishda:

korxonani moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etadi;

moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkaziladi;

harakatsiz rejimga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni Tadbirkorlik sub’ektlarining Yagona davlat reestridan chiqaradi.

Bundan tashqari, mazkur Farmondan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi 
va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga kiritilmoqda va bugungi kunda Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

A. Norboev

Adliya vazirligi mas’ul xodimi


1 646
O‘zA