O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlik sub’ektlarida 2 ta daraxt ko‘chirish texnikasi bor. Obodonlashtirish boshqarmalarida esa bitta ham yo‘q

Tadbirkorlik sub’ektlarida 2 ta daraxt ko‘chirish texnikasi bor. Obodonlashtirish boshqarmalarida esa bitta ham yo‘q

Toshkent shahar hokimligida Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitini muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorligida “Yashil hududlarni kengaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” mavzusiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi. 

Unda ushbu sohadagi qonun hujjatlari, ularning ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlar, rejadagi tadbirlar va takliflar haqida so‘z yuritildi.

Brifingda ma’lumot berilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishi qarori bilan Toshkent shahrida joriy yilning 9 oyi davomida qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish natijasida kesilgan har bir daraxtning o‘rniga 10 tup ko‘chat o‘tqazib berish majburiyati yuklangan. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi. Moratoriy 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiladi. Moratoriy amal qilish davrida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.

Mazkur hujjatdagi qurish va loyihalashtirish jarayonida, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishda daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash orqali ularning saqlab qolinishi lozimligi aytilgan. 

Tadbirda O‘zA muxbirining bu amaliyot uchun Toshkent shahrida nechta daraxt ko‘chirish texnikasi borligi haqidagi savoliga Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yusupov javob berdi:

– Bu kabi texnikalarni xususiy tadbirkorlar ham, obodonlashtirish boshqarmalari ham xarid qilishi mumkin. Lekin qonunchilikka binoan obodonlashtirish boshqarmalari o‘ziga biriktirilgan hududiga ega, asosan yirik ko‘chalar bo‘ylari, binolar atrofi. Joriy yil misolida oladigan bo‘lsak, bunday hududlarda daraxt kesilish holatlari deyarli bo‘lmadi. Aksariyat daraxt kesilishi holatlari bo‘sh yotgan hududlardagi qurilish ishlari bilan bog‘liq. Kelgusida bunday texnikalar sonini oshirish bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Ayni vaqtda Toshkent shahrida 2 ta daraxt ko‘chirish texnikasi bor va ularning ikkalasi ham tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli. Obodonlashtirish boshqarmalarida hali birorta bunday texnika mavjud emas. 

Shuningdek, mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday texnikadan foydalanish xarajatlari qurilish ishlarini amalga oshirayotgan tadbirkor tomonidan to‘lanadi. Bundan tashqari bino va inshootlarni qurish va loyihalashtirish vaqtida imkon darajasida daraxtlarni saqlab qolishga harakat qilish maqsadga muvofiq.

308
Inobat AHATOVA, O‘zA