O‘zA O`zbek

25.03.2020 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlarga ijara, xususiylashtirish va investitsiya majburiyatlarini bajarishda vaqtinchalik imtiyozlar beriladi

Tadbirkorlarga ijara, xususiylashtirish va investitsiya majburiyatlarini bajarishda vaqtinchalik imtiyozlar beriladi

Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi, Axborot xizmati rahbari Moʻmin Ibodovning taʼkidlashicha, mamlakatda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklar yaratilmoqda.

Jumladan, shu kunga qadar davlat mulki obyektlaridan ijara shartnomasi asosida umumiy ovqatlanish, oʻquv markazlari, jismoniy tarbiya, sport, turizm va boshqa sohalarda foydalanib kelayotgan, ammo karantin sababli Respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan tadbirkorlik subyektlariga foydalanmagan davri uchun hech qanday ijara puli hisoblanmaydi va toʻlanmaydi.

Pandemiya bilan bogʻliq holatda investorlar duch kelgan va duch kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlardan yana biri investitsiya majburiyatlarining oʻz vaqtida bajara olmaslikdir. Vaziyatni yumshatish maqsadida shu davrda investitsiya majburiyatining bajarilishini kechiktirganlik uchun penya hamda jarimalar hisoblanmaydi va majburiyat bajarilmagani uchun shartnomalar bekor qilinmaydi. Aksincha, Inqirozga qarshi kurash respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga koʻra, tadbirkorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishi muddatlari uzaytirib beriladi.

Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat tufayli davlat aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha amalda boʻlgan shartnomalarga asosan xarid toʻlovlari oʻz vaqtida bajarilmasa Inqirozga qarshi kurash respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga koʻra, muddat qayta koʻrib chiqiladi. Tadbirkorlardan yaratilgan bu kabi qulayliklardan foydalanish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boshqarmalariga hamda hududiy komissiyalarga murojaat qilishlari soʻralmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining topshirigʻiga koʻra, yuzaga kelgan karantin holatida aksiyadorlarga ham qulaylik yaratish maqsadida xoʻjalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlislari va aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarini onlayn rejimda masofadan turib, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda ovoz berish orqali oʻtkazish tizimini bir oy ichida joriy etish yuzasidan Agentlik tomonidan chora- tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Moʻmin Ibodovning aytishicha, bu boʻyicha alohida bayonot beriladi. Savollar va qoʻshimcha maʼlumotlar yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining markaziy apparati yoki hududiy boshqarmalariga murojaat qilish mumkin.

1 565
OʻzA